Dubay shahzodasi "uy bekasi" atamasini o‘zgartirishni taklif qildi

Dubay shahzodasi Shayx Hamdan bin Muhammad bin Rashid Ol Maktum ayollarning oiladagi o‘rni va mehnatini munosib qadrlash maqsadida "uy bekasi" atamasini "avlodlar bunyodkori" deb o‘zgartirish tashabbusi bilan chiqdi.
Shahzodaning ta’kidlashicha, "uy bekasi" iborasi ayolning faqat uyda ekanini anglatadi. Holbuki, uning eng muhim vazifasi farzandlarni tarbiyalash, ularga to‘g‘ri qadriyatlarni singdirish va jamiyatning kelajak avlodini voyaga yetkazishdan iborat.
Tashabbus tarafdorlari ushbu o‘zgarish ayollarning uy-ro‘zg‘ordagi mehnati, onalik mas’uliyati va jamiyat rivojiga qo‘shayotgan hissasini yanada yuksak e’tirof etishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, bunday atama ayollarning oiladagi o‘rni va mas’uliyatini yanada chuqurroq ifodalaydi.
Mazkur taklif ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokama qilinmoqda. Ayrim foydalanuvchilar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, boshqalar bunday o‘zgarish ramziy ahamiyatga ega ekanini, eng muhimi esa ayollarning mehnati amalda ham munosib qadrlanishi lozimligini ta’kidlamoqda.






























Izohlar 0
…