Fransiya osmonida ilk bor noyob “olovli bulutlar” kuzatildi

Yevropa davlatlarida bir necha kundan buyon keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda. Ayniqsa, Fransiya va Ispaniyada yuzaga kelgan yirik yong‘inlar oqibatida evakuatsiya qilingan aholi soni 300 ming nafardan oshib ketdi. Mutaxassislar buni Yevropa tarixidagi eng keng qamrovli evakuatsiya holatlaridan biri sifatida baholamoqda. Bu haqda Deutsche Welle nashri ma’lum qildi.
Fransiyadagi eng yirik o‘rmon yong‘inlari munosabati bilan tashkil etilgan favqulodda xizmatlarning inqirozga qarshi markaziga tashrif buyurgan mamlakat prezidenti Emmanuel Makron vaziyatga munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakat janubi-g‘arbidagi yong‘inlar ma’lum darajada jilovlangan bo‘lsa-da, Bordo shahri atrofida alangani to‘liq nazorat ostiga olish hozircha imkoni bo‘lmayapti.
AFP agentligi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Fransiya tarixida ilk marta noyob tabiiy hodisa — momaqaldiroqli “olovli bulutlar” kuzatildi. Bunday hodisa ilgari Avstraliya va Kanadada sodir bo‘lgan ulkan o‘rmon yong‘inlari vaqtida qayd etilgan edi.
«Bu Fransiya uchun mutlaqo misli ko‘rilmagan holat», — dedi yong‘in xavfsizligi xizmati vakili Erik Brokardi.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, mazkur bulutlar kuchli yong‘inlar natijasida hosil bo‘lgan tutun, suv bug‘i va kulning yuqori atmosfera qatlamlariga, hatto stratosferagacha ko‘tarilishi orqali shakllanadi. Bunday jarayon esa chaqmoq chaqishi va yangi yong‘inlar kelib chiqishi xavfini yanada oshirishi mumkin.
Prezident Emmanuel Makron ham vaziyatga baho berar ekan, «Oldindagi haftalar og‘ir kechadi», deya ta’kidladi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Bordo shahri bilan Atlantika okeani sohili o‘rtasida joylashgan hududda 22 iyuldan buyon davom etayotgan yong‘inlar qariyb 42 ming gektar yer maydonini kulga aylantirdi. Umuman olganda, joriy yil boshidan beri Fransiya bo‘ylab yong‘inlar 116 ming gektar hududni vayron qilgan. Xavfsizlik choralari doirasida mamlakatda 220 mingga yaqin aholi evakuatsiya qilingan.
O‘rmon yong‘inlari qo‘shni Ispaniyada ham tobora kuchayib bormoqda. Ikki mamlakatda xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan odamlar soni 300 ming nafardan oshib ketgan. Yong‘inlarni bartaraf etish ishlarida esa Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar qutqaruv kuchlari va maxsus texnikalar bilan faol yordam ko‘rsatmoqda.






























Izohlar 0
…