Xitoyda ofatlar paytida yana bir xavf kuchaydi: AI soxta videolari

So‘nggi oylarda Xitoy tabiiy ofatlar bilan kurashayotgan bir paytda mamlakat yana bir jiddiy muammoga — sun’iy intellekt (AI) yordamida yaratilgan soxta videolarning keng tarqalishiga duch kelmoqda. Hafta oxirida mamlakat hududiga yetib kelgan “Noul” to‘fonidan keyingi vaziyat bu muammoni yanada dolzarb masalaga aylantirdi.
Kuchli to‘fonlar va suv toshqinlari ortidan ijtimoiy tarmoqlarda haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ko‘plab foto va videolar tarqaldi. Ular orasida suvda oqib ketayotgan jasadlar aks etgan soxta tasvirlar, aslida zarar ko‘rmagan hududlarni suv bosgani haqidagi videolar, shuningdek, qutqaruv ishlari haqida ataylab soxtalashtirilgan lavhalar ham bor.
Ayrim hududlarda elektr energiyasi uzilishi haqidagi yolg‘on videolar tarqalishi aholi o‘rtasida sarosimaga sabab bo‘lib, odamlar favqulodda zaxira mahsulotlarini ommaviy ravishda xarid qilishga kirishgan.
Ayrim holatlarda esa soxta videolar haqiqiy voqealardan foydalanib tayyorlangan. Masalan, iyul oyi boshida Guansi viloyatining Henchjou shahridagi suv toshqini oqibatida yuzlab ilonlar maxsus xo‘jalikdan chiqib ketgan. Shu voqeadan keyin ijtimoiy tarmoqlarda daryoga timsohlar ham qo‘yib yuborilgani haqida soxta tasvirlar tarqatildi.
Keng ko‘lamli evakuatsiya va murakkab qutqaruv ishlari davom etayotgan bir paytda hukumat aholi o‘rtasida vahima kuchayishini istamaydi. Rasmiylar ta’kidlashicha, Xitoy milliardlab dollar sarmoya kiritayotgan sun’iy intellekt texnologiyalari endi ayrim shaxslar qo‘lida jamoatchilikni chalg‘itish vositasiga ham aylanib bormoqda.
Chjetszyan viloyati politsiyasi internet xavfsizligi bo‘limi rahbarlaridan biri Xuan Chjixuaning aytishicha, ko‘plab kontent yaratuvchilar ofatlar haqidagi shov-shuvli xabarlar orqali ko‘proq obunachi yig‘ishni maqsad qilmoqda. Ularning fikricha, qanchalik sensatsion yoki bo‘rttirilgan kontent tayyorlansa, shunchalik ko‘proq ko‘rishlar va yoqtirishlar to‘plash mumkin. Shu sababli ayrimlar odamlarning e’tiborini jalb qilish uchun ma’lumotlarni ataylab soxtalashtirmoqda.
So‘nggi haftalarda soxta xabar va videolarni tayyorlagan shaxslarga nisbatan bir qator choralar ko‘rildi. Ayrimlari jinoiy javobgarlikka tortilishi kutilmoqda, boshqalariga esa jarimalar yoki ma’muriy jazolar qo‘llandi.
Mutaxassislar esa AI yordamida tarqatilayotgan dezinformatsiya misli ko‘rilmagan darajaga chiqishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Kommunistik partiya Markaziy partiya maktabi professori Chen Binning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt yolg‘on axborot ishlab chiqarish uchun texnik to‘siqlarni keskin kamaytirdi. Endi maxsus bilim talab etilmaydi — oddiy so‘rov orqali matn, tasvir, audio va videolarni ishonchli ko‘rinishda, ammo butunlay soxta holda qisqa vaqt ichida yaratish mumkin.

Sharqiy Xitoy siyosatshunoslik va huquq universiteti professori Gao Fupinning fikricha, bunday materiallarni tarqatishga turli omillar sabab bo‘ladi. Ayrimlar buni hazil sifatida qabul qilsa, boshqalar shaxsiy manfaat yoki internetdagi trafikni oshirish uchun harakat qiladi. Yana bir toifa esa jamiyatda qo‘rquv va beqarorlik keltirib chiqarishni maqsad qiladi.
Uning ta’kidlashicha, ba’zi internet foydalanuvchilari onlayn makonda anonim qolish mumkinligi yoki ularni aniqlab bo‘lmaydi, deb o‘ylaydi. Aslida esa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bunday holatlarni kuzatib bormoqda.
Mutaxassislar AI orqali yaratilgan kontentga maxsus belgilar qo‘yish taklifini ham ilgari surmoqda. Biroq muammo shundaki, bu belgilar keyinchalik tahrir qilinib, osonlik bilan olib tashlanishi mumkin.
Pekin pedagogika universiteti professori Syuy Syaoke esa geolokatsiya, vaqt belgisi va tasvir manbasini tekshirish tizimlarini yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u hozircha AI orqali yaratilgan materiallarni aniqlash texnologiyalari ularni yaratish texnologiyalaridan ortda qolayotganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon doimiy “mushuk va sichqon o‘yini”ga o‘xshaydi. Shuning uchun texnologiyaning o‘zi bir tugmani bosish orqali barcha soxta materiallarni aniqlab beradi, deb o‘ylash noto‘g‘ri.
Xitoy hukumati esa mamlakatni dunyodagi yetakchi texnologik davlatga aylantirish maqsadida sun’iy intellekt sohasiga katta sarmoya kiritishda davom etmoqda. 2017 yilda AI mamlakat taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi deb e’lon qilingan edi. Bugungi kunda davlat axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda 6 mingdan ortiq sun’iy intellekt kompaniyasi faoliyat yuritmoqda.
Professor Syuyning fikricha, bu sharoitda Xitoy ishonchli axborot infratuzilmasini shakllantirishi kerak. Bu tizimga rasmiy ogohlantirish platformalari, favqulodda vaziyatlar interfeyslari va OAV uchun tezkor ma’lumot manbalari kirishi lozim.
Biroq ayrim holatlarda rasmiy manbalarning o‘zi ham tabiiy ofatlar haqidagi ma’lumotlarni yumshatib ko‘rsatgani jamoatchilik ishonchining pasayishiga sabab bo‘lgan. Masalan, iyul oyida Nanin yaqinidagi Lyulan to‘g‘oni devoridagi yirik yoriq haqida mahalliy jurnalistlarga uni “teshilish” emas, balki “ochilish” yoki “tirqish” sifatida yoritish tavsiya qilingan. Keyinchalik ushbu halokat oqibatida kamida 26 kishi halok bo‘lgan.
Bu birinchi holat emas. 2021 yilda Xenan viloyatida mahalliy amaldorlar 139 nafar halok bo‘lgan fuqaro haqidagi ma’lumotlarni yashirgan yoki kamaytirib ko‘rsatganlikda ayblangan.
Mutaxassislar fikricha, aynan shunday holatlar jamoatchilik ishonchining susayishiga va yomon niyatli shaxslarga soxta axborotni oson tarqatish imkoniyatini yaratmoqda.
Shu bilan birga, politsiya aholini favqulodda vaziyatlarda faqat rasmiy va tasdiqlangan manbalarga ishonishga chaqirmoqda. Ninbo jamoat xavfsizligi boshqarmasi vakili Gao Kayning ta’kidlashicha, manbasi noma’lum bo‘lgan ofatlarga oid xabarlarga shubha bilan qarash va rasmiy ma’lumotlarga tayanish kerak.
Uning aytishicha, internet qonunsiz hudud emas. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ijtimoiy tarmoqlar, ayniqsa qisqa videolar platformalarini maxsus guruhlar orqali doimiy nazorat qilmoqda va qonunbuzarlarga nisbatan qat’iy chora ko‘radi.

Xitoyning Kibermakon boshqarmasi ham 23 iyul kuni mamlakat bo‘ylab suv toshqinlari va boshqa ofatlarga oid soxta axborotlarga qarshi keng qamrovli reyd boshlanganini ma’lum qildi. Unda soxta statistika, montaj qilingan videolar, sahnalashtirilgan voqealar, tarixiy lavhalarni yangi voqeadek ko‘rsatish va rasmiylar nomidan soxta chiqishlar tayyorlash holatlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarga kontentni yanada qat’iy tekshirish topshirildi.
Professor Gao Fupinning fikricha, muammoning eng samarali yechimi aholini axborot savodxonligiga o‘rgatish va qonunchilikni qat’iy qo‘llashdir. Uning ta’kidlashicha, AI o‘zi xavf emas — asosiy masala odamlarning uni qanday maqsadda qo‘llashidadir.
Biroq professor Chen Bin boshqacha fikrda. Uning aytishicha, sun’iy intellekt texnologiyalari huquqiy bazadan ancha tez rivojlanmoqda. Yangi huquqiy savollar paydo bo‘lar ekan, AI orqali tarqatiladigan dezinformatsiya uzoq vaqt davomida jiddiy muammo bo‘lib qolishi mumkin.
Shanxay va Vashingtonda faoliyat yurituvchi huquqshunos Piter Pang esa nafaqat soxta material yaratgan shaxslar, balki AI dasturlarini ishlab chiqqan kompaniyalar hamda ularni tarqatgan platformalar ham huquqiy javobgarlikka tortilishi kerakligini ta’kidladi.
Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, kelgusida saylovlar, jamoat salomatligi, qurolli mojarolar, tabiiy ofatlar va aholi turmushiga daxldor boshqa mavzular AI yordamida tarqatiladigan yolg‘on axborot uchun eng xavfli sohalarga aylanishi mumkin. Shu bois hukumatlar va internet platformalari muammo tarqalgandan keyin emas, balki oldindan tayyorgarlik ko‘rishi lozim.






























Izohlar 0
…