Yuzdagi husnbuzarni siqdi — bir zumda o‘lim xavfiga duch keldi

Braziliyalik bloger va model Villian Silva mo‘ylovi yaqinidagi yallig‘langan husnbuzarni siqqach, yuzi kuchli shishib, shifoxonaga yotqizildi. Shifokorlar infeksiya miyagacha tarqalib, meningit kabi hayot uchun xavfli asoratlarni keltirib chiqarishi mumkinligini aytdi. Dermatolog Danijela Kavalkante de Almeyda Manjani burun va og‘iz burchaklari oralig‘idagi hudud qon tomirlari bosh miya tuzilmalari bilan bog‘langani uchun «o‘lim uchburchagi» deb atalishini tushuntirdi.
Braziliyalik bloger va model Villian Silva oddiy husnbuzarni siqish qanday xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini o‘z misolida ko‘rsatdi. Ijtimoiy tarmoqlarda Ken de CG nomi bilan tanilgan bloger mo‘ylovi yaqinidagi yallig‘langan husnbuzarni siqqanidan so‘ng shifoxonaga yotqizilgan.
Uning aytishicha, avval yallig‘langan tukni olib tashlagan, shundan keyin husnbuzarni siqqan. Oradan ko‘p o‘tmay yuzi kuchli shishib ketgan va ahvoli og‘irlashgan. Shifokorlar esa infeksiya jiddiy asoratlarga sabab bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Villian Silvaning so‘zlariga ko‘ra, infeksiya eng og‘ir holatda miyagacha tarqalishi ehtimoli mavjud bo‘lgan.
«Bu husnbuzar tufayli yuzim qattiq shishdi. Meningit xavfi paydo bo‘ldi. Bu esa miyaga ta’sir qilib, hayot uchun xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin edi», — deydi bloger.
Dermatolog Danijela Kavalkante de Almeyda Manjanining tushuntirishicha, burun bilan og‘iz burchaklari oralig‘idagi hudud tibbiyotda «o‘lim uchburchagi» deb ataladi. Chunki ushbu qismdagi qon tomirlari bosh miya tuzilmalari bilan bevosita bog‘langan bo‘lib, infeksiya tez tarqalishi xavfini oshiradi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, yallig‘langan husnbuzarni siqish natijasida bakteriyalar to‘qimalarga chuqurroq kirishi mumkin. Bu esa kavernoz sinus trombozi, meningit, miya abssessi yoki sepsis kabi og‘ir asoratlarga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Hozirda Villian Silva davolanishni davom ettirmoqda. U boshidan kechirgan voqeadan keyin ijtimoiy tarmoqlarda husnbuzarlarni o‘zboshimchalik bilan siqish xavfi haqida odamlarni ogohlantirishga qaror qilgan.
«Oddiy husnbuzarni siqqanim uchun hayotimdan ayrilishimga oz qoldi», — deydi bloger.






























Izohlar 0
…