Liviyada qurolli to‘qnashuvlar orasida mahbuslar qamoqxonadan ommaviy qochdi

Surman shahrida 4 avgust kuni qurolli to‘qnashuvlar fonida qamoqxonadagi mahbuslar ommaviy ravishda qochib ketdi. Qochganlar soni ochiqlanmagan, ularni aniqlash va ushlash uchun maxsus komissiya tuzilgan. Zaviya va Surman shaharlaridagi to‘qnashuvlarda uch nafar tinch aholi halok bo‘lgan, yana bir necha kishi jarohatlangan. Mojaroda qaysi guruhlar ishtirok etgani va uning aniq sababi hozircha ma’lum emas.
Liviyaning Zaviya va Surman shaharlarida yuz bergan qurolli to‘qnashuvlar xavfsizlik vaziyatini yanada keskinlashtirdi. To‘qnashuvlar fonida Surman shahridagi qamoqxonadan mahbuslar ommaviy ravishda qochib ketgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda mamlakat politsiyasi ma’lumotlariga tayanib Reuters xabar qildi.
Sud politsiyasi boshqarmasi bildirishicha, voqea 4 avgust kuni sodir bo‘lgan. Hozirda hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Qancha mahbus qamoqxonani tark etgani ochiqlanmagan. Shu bilan birga, ularning shaxsini aniqlash va ushlash choralarini ko‘rish uchun maxsus komissiya tuzilgan.
Zaviya shahridagi mahalliy yetakchilardan biri Salim Bahr Libya Al-Ahror telekanali orqali chiqish qilib, barcha tomonlarni qon to‘kilishini to‘xtatishga chaqirdi.
«Bu vaziyatda kim g‘alaba qozonmasin, baribir mag‘lub bo‘ladi», — dedi u.
Uning ma’lum qilishicha, to‘qnashuvlar oqibatida uch nafar tinch aholi halok bo‘lgan, yana bir necha kishi turli darajada jarohat olgan. Hozircha qurolli to‘qnashuvlarda qaysi guruhlar ishtirok etgani va mojaroning aniq sababi haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.






























Izohlar 0
…