Xom sutli pishloq sabab to‘qqiz yil komada yotgan bola vafot etdi

Xom sutli pishloq sabab to‘qqiz yil komada yotgan bola vafot etdi

Italiyaning Trento viloyatida xom sutdan tayyorlangan pishloqni iste’mol qilganidan so‘ng og‘ir kasallikka chalingan 13 yoshli Mattia Mayestri vafot etdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Mattia 2017 yilda, atigi 4 yoshida, xom sutdan tayyorlangan pishloqni iste’mol qilganidan keyin bakterial infeksiyani yuqtirgan. Natijada unda og‘ir gemolitik-uremik sindrom rivojlangan.

Shundan so‘ng bola doimiy vegetativ holatga tushib qolgan. U qariyb to‘qqiz yil davomida sun’iy oziqlantirish hamda muntazam tibbiy parvarishga muhtoj bo‘lib yashagan.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda Italiya Oliy kassatsiya sudi pishloq ishlab chiqaruvchi korxonaning sobiq rahbari va pishloq ustasiga nisbatan chiqarilgan hukmni o‘z kuchida qoldirgan. Mattianing oilasiga 1 million yevro miqdorida tovon puli to‘langan.

Fojiali voqeadan so‘ng bolaning otasi xom sut va undan tayyorlanadigan mahsulotlarning, ayniqsa, bolalar salomatligi uchun yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan xavflari haqida jamoatchilikni ogohlantirish kampaniyasini boshlagan.

Endilikda Mattianing vafoti sabab mazkur ish qayta ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Unda ehtiyotsizlik oqibatida inson o‘limiga sabab bo‘lish masalasiga ham huquqiy baho berilishi mumkin.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar