70 dollarlik divan ichidan 43 ming dollar pul topildi

2020 yilning yanvar oyida AQSHning Michigan shtatida sodir bo‘lgan voqea halollik va insoniylikning yorqin namunasi sifatida ko‘pchilik e’tiborini tortgan edi.
Xovard Kirbi ismli erkak xayriya do‘konidan atigi 70 dollarga eski divan sotib oladi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, divanni ta’mirlashga qaror qiladi. Uni ko‘zdan kechirayotgan vaqtda divan ichida yashirilgan 43 170 dollar naqd pulni topib oladi.
Advokatlar Xovardga divanni qonuniy ravishda sotib olgani uchun ushbu mablag‘ni o‘zida saqlab qolishi mumkinligini aytgan. Biroq u bu pullar o‘ziga tegishli emasligini his qilib, haqiqiy egalarini qidirishga kirishadi.
Tekshiruvlar davomida pullarning asl egasi vafot etgani ma’lum bo‘ladi. Shunga qaramay, Xovard Kirbi topilgan 43 170 dollarning har birini marhumning oilasiga to‘liq qaytarib beradi.

Qizig‘i shundaki, o‘sha paytda Xovardning o‘zi ham moliyaviy qiyinchilikda yashar, hatto uyining tomidan suv o‘tadigan darajada ta’mirga muhtoj edi. Shunga qaramasdan, u halollikdan chekinmadi.
Uning bu olijanob ishidan ta’sirlangan mahalliy qurilish kompaniyalari va ustalar birlashib, Xovardning uyi tomini mutlaqo bepul ta’mirlab berishdi. Qurilish materiallari esa homiylar tomonidan sovg‘a qilindi.
Mazkur voqea o‘sha davrda ABC News va NBC News kabi yirik xalqaro axborot telekanallari tomonidan keng yoritilib, Xovard Kirbi halolligi bilan ko‘pchilikka ibrat sifatida e’tirof etilgan.






























Izohlar 0
…