Dubaydagi tilanchilik orqali topilgan katta daromad tarmoqlarda ko‘pchilikning qiziqishini uyg‘otdi

2016 yilda Dubayda sayyoh sifatida BAAga kirib, tilanchilik qilgan ayrim shaxslar kuniga o‘rtacha 9 ming dirham, oyiga qariyb 270 ming dirham yoki taxminan 80 ming dollar yig‘gani aniqlangan. Ular odamlar gavjum joylar, juma namozi kunlari masjidlar atrofi va daromadi yuqori hududlarni tanlab, kasallik, qashshoqlik hamda og‘ir hayot sharoitlarini vaj qilgan.
Dubayda tilanchilik orqali katta daromad olgan shaxslar haqidagi 2016 yilgi holat yana e’tibor markaziga tushdi. O‘sha yili Dubay ma’muriyati o‘tkazgan maxsus operatsiyalarda BAAga sayyoh sifatida kirib, ko‘chalarda pul so‘ragan shaxslar ushlangan.
Tekshiruvchilarni eng ko‘p hayratga solgan holatlardan birida bir kishi har kuni o‘rtacha 9 ming dirham yig‘gani aniqlangan. Bu bir oyda qariyb 270 ming dirham, taxminan 80 ming dollar degani edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bunday shaxslar odamlar ko‘p bo‘ladigan joylarni oldindan tanlagan. Ular juma namozi kunlari masjidlar atrofida yoki daromadi yuqori aholi yashaydigan hududlarda ko‘proq ko‘rinish bergan.
Pul yig‘ish uchun kasallik, qashshoqlik va og‘ir hayot sharoitlari haqida turli vajlar keltirilgan. Ayrim guruhlar esa bu ishni uyushgan holda amalga oshirib, kim qayerda va qanday usulda pul so‘rashini oldindan belgilab olgan.
Shu bilan birga, rasmiy idoralar ushbu katta summalar barcha tilanchilarning o‘rtacha daromadini anglatmasligini bildirgan. 270 ming dirhamlik ko‘rsatkich ayrim qo‘lga olingan shaxslarga tegishli misol bo‘lgan.
Hozir BAAda tilanchilik qat’iyan taqiqlangan. Bunday holatda ushlanganlar jarima yoki qamoq jazosiga duch kelishi mumkin. Chet elliklar esa mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin.
Aholiga xayriya qilmoqchi bo‘lsa, pulni ko‘chadagi shaxslarga emas, rasman faoliyat yuritayotgan xayriya jamg‘armalari orqali berish tavsiya etilmoqda.































Izohlar 0
…