Zilzila paytida jarrohlar bemorni o‘z tanalari bilan himoya qildi (video)

Yaponiyaning Kumamoto prefekturasida 7,1 magnitudali zilzila vaqtida jarrohlar bemorni o‘z tanalari bilan himoya qilib, operatsiyani davom ettirdi. Hodisa 28 iyul kuni Yatsushiro shahridagi shifoxonada yuz bergan. Zilzila paytida tibbiy uskunalar tebranganiga qaramay, jami 4 ta operatsiyaning barchasi muvaffaqiyatli yakunlangan. Bemorlar va tibbiyot xodimlari hech qanday jarohat olmagan.
Yaponiyaning Kumamoto prefekturasida sodir bo‘lgan 7,1 magnitudali zilzila vaqtida shifokorlar fidoyiligi ko‘pchilikning tahsiniga sazovor bo‘ldi. Operatsiya jarayonida yuz bergan kuchli silkinishlarga qaramay, jarrohlar bemorni yolg‘iz qoldirmay, uni o‘z tanalari bilan himoya qilgan.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 28 iyul kuni Yatsushiro shahridagi shifoxonada yuz bergan. Zilzila boshlangach, operatsiya xonasidagi tibbiy uskunalar tebranib, siljiy boshlagan. Kuzatuv kameralarida aks etgan tasvirlarda shifokorlar bemor ustini tanalari bilan to‘sib, bir vaqtning o‘zida harakatlanayotgan jihozlarni ushlab turgani ko‘rinadi. Bosh jarroh esa kuchli silkinishlarga qaramay, operatsiyani to‘xtatmagan.
Shifoxona ma’lumotiga ko‘ra, zilzila sodir bo‘lgan paytda tibbiyot muassasasida jami 4 ta operatsiya olib borilgan. Ularning barchasi muvaffaqiyatli yakunlangan, bemorlar ham, tibbiyot xodimlari ham hech qanday jarohat olmagan.
Mazkur voqea aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, shifokorlarning kasbiga sadoqati va jasorati ko‘plab foydalanuvchilar tomonidan e’tirof etilmoqda.






























Izohlar 0
…