Norvegiyada o‘g‘liga noodatiy ism qo‘ygan ona qamoqqa olindi

Norvegiyada Kirsti Larsen o'g'liga Gesher ismini berishga ruxsat ololmagani uchun sud tomonidan taxminan 1600 krona (168 AQSH dollari) jarimaga tortildi. Ayol bu ismni o'n uchinchi farzandi tug'ilishidan oldin tushida eshitgan Brij so'zining ibroniycha muqobili sifatida tanlagan. Norvegiya rasmiylari Gesher ismini mamlakat uchun o'ta «ajnabiy» deb topib, bolaning kelajakdagi hayotiga salbiy ta'sir qilishi mumkinligini bildirgan.
Norvegiyada ko‘p farzandli ona o‘g‘liga tanlagan g‘ayrioddiy ism sababli qamoq jazosiga tortildi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, Kirsti Larsen o‘n uchinchi farzandi tug‘ilishidan avval tush ko‘rgan. Uning aytishicha, tushida eshitilgan ovoz unga bo‘lajak o‘g‘lini Brij (Bridge — ingliz tilidan tarjima qilinganda «ko‘prik») deb atashni tavsiya qilgan. Shundan so‘ng ayol ushbu so‘zning ibroniycha muqobili bo‘lgan Gesher ismini tanlashga qaror qilgan.
Biroq Norvegiya rasmiylari bolaga mazkur ismni berishga ruxsat bermagan. Ularga ko‘ra, bu ism mamlakat uchun o‘ta «ajnabiy» hisoblanadi va amaldagi qonunchilikka muvofiq, bolaning kelajakdagi hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ayol esa qarorga rozi bo‘lmagan va uni sud orqali bekor qilishga uringan. Ammo sud uning da’vosini rad etib, taxminan 1600 krona (168 AQSH dollari) miqdorida jarima belgilagan. Kirsti Larsen esa jarimani to‘lashdan bosh tortgan.
«Agar bu jarimani to‘laganimizda, aybimiz borligini tan olgan bo‘lardik», — degan ayol.
Jarima to‘lanmagani sababli sud uni ikki kunlik qamoq jazosi bilan almashtirgan.
Ma’lumot o‘rnida, Norvegiyada ism berishga oid qonunlar XIX asrda qabul qilingan bo‘lib, ular davlat organlariga bolaning kelajagiga zarar yetkazishi mumkin deb hisoblangan yoki noqulay deb topilgan ismlarni rad etish huquqini beradi.






























Izohlar 0
…