36 yoshli FIDE menejeri to‘satdan vafot etdi

36 yoshli FIDE menejeri to‘satdan vafot etdi

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) operatsion menejeri Sergey Indeykin 36 yoshida vafot etdi. Federatsiya uning o‘limi to‘satdan yuzaga kelgan kasallik ortidan sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Sergey Indeykin yaqinda xizmat safari bilan Nigeriya poytaxti Abudja shahrida bo‘lgan. U yerda shaxmat musobaqasini tashkil etish ishlarida ishtirok etgan.

Safardan keyin u O‘zbekistonga kelgan va shu yerda o‘zini yomon his qila boshlagan. Keyin Rossiyaga qaytganidan so‘ng ahvoli yana og‘irlashib, Perm shahrida shifoxonaga yotqizilgan, ammo shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan.

Marhumning otasi Aleksandr Indeykinning aytishicha, o‘g‘lining Nigeriyada zararlangan chivin chaqishi orqali malyariya yuqtirgan bo‘lishi ehtimol qilingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, FIDE hamkasblari ta’riflagan alomatlar malyariya belgilarini eslatgan. Biroq kasallikning aniq tashxisi va o‘lim sababi federatsiya tomonidan rasman tasdiqlanmagan.

Indeykin FIDE tadbirlarida 2021 yildan beri ishlab kelgan. U jahon chempionati bahslari, Jahon kubogi, nomzodlar turnirlari, rapid va blis bo‘yicha jahon chempionatlari kabi yirik musobaqalarni tashkil etishda qatnashgan.

Uning ishi musobaqalar o‘tkaziladigan turli mamlakatlarga tez-tez xizmat safarlariga chiqishni talab qilgan. Hamkasblari Indeykinni yirik xalqaro shaxmat musobaqalarini tashkil etishda muhim hissa qo‘shgan professional mutaxassis sifatida eslamoqda.

Ayrim manbalarda u ishdan tashqari bolalar uyini qo‘llab-quvvatlagani, safarlaridan bolalarga shaxmatga oid esdalik sovg‘alari olib kelgani ham qayd etilgan.

Nigeriyada malyariya keng tarqalgan kasalliklardan biri bo‘lib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat dunyoda malyariya yuki eng yuqori bo‘lgan davlatlardan hisoblanadi.

Manba: MIR 24

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar