Buyuk Britaniyada nabirasi bobosining 116 yillik qarzini uzdi

Buyuk Britaniyada nabirasi bobosining 116 yillik qarzini uzdi

Buyuk Britaniyada bir asrdan ortiq vaqt oldin kutubxonadan olingan ikki kitob oradan 116 yil o‘tib, yana o‘z joyiga qaytarildi. G‘ayrioddiy voqea kitoblarning uzoq yillik sayohati va bir oilaning e’tiborga molik tarixi bilan bog‘liq bo‘ldi.

Conwy Libraries ma’lumotiga ko‘ra, yaqinda O'Sallivan ismli erkak Llanrvst kutubxonasiga tashrif buyurib, ikki kitobni topshirgan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu kitoblarni uning bobosi Uolter Griffit Ouen 1910 yilda o‘sha davrdagi Llanrvst jamoat kutubxonasi va qiroatxonasidan olgan.

Kutubxona xodimlari uchun kitoblarning qaytarilishi oddiy holat emas, balki unutilmas voqeaga aylangan. Ular 116 yillik kitoblarni yana bir bor qo‘lda ushlash va ular orqali oilaning g‘ayrioddiy tarixini bilish imkoniyatini o‘ziga xos sharaf sifatida baholagan.

Ma’lum bo‘lishicha, Uolter Griffit Ouen ikki jahon urushida ham xizmat qilgan. Ikkinchi jahon urushi davrida esa u Konvi hududida joylashtirilgan.

Kitoblarning shuncha yildan keyin qaytarilishi ijtimoiy tarmoqlarda ham katta qiziqish uyg‘otdi. Ko‘plab foydalanuvchilar O'Sallivanning bobosidan qolgan kitoblarni kutubxonaga olib kelib topshirganini yuqori baholadi.

Ayniqsa, uning halolligi va oilaviy merosni asrab-avaylashga bo‘lgan hurmati ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan iliq qarshi olindi. Shu tariqa, 1910 yilda kutubxonadan olingan oddiy ikki kitob 116 yillik tarixdan so‘ng yana o‘z manziliga qaytdi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar