Olimpiada chempioni Jordan Barrouz Islam Maxachevga «vizov» tashladi!

Erkin kurash bo‘yicha dunyoning eng sovrindor va nomdor sportchilaridan biri, 2012 yilgi London Olimpiadasi g‘olibi Jordan Barrouz UFC chempioni Islam Maxachev bilan kurash bo‘yicha bellashishga tayyorligini bildirdi. 38 yoshli amerikalik polvon mashhur MMA jurnalisti Ariel Xelvaniga bergan bayonotida rossiyalik chempionning parterdagi harakatlarini tahlil qilib, kurash gilamida unga hech qanday imkoniyat qoldirmasligini aytdi.
Barrouzning ta’kidlashicha, Maxachevning so‘nggi jangida oyoqqa tashlanish bo‘yicha ko‘rsatgan uslubi sof kurashda mutlaqo ish bermaydi.
«Machado buyuk kurashchi emas»: Barrouz Maxachevning xatosini ko‘rsatib berdi
Amerikalik erkin kurash yulduzi Islam Maxachev va Yen Machado Gerri o‘rtasida kechgan UFC chempionlik bahsini diqqat bilan kuzatganini ochiqladi:
«Men Maxachevning Gerri bilan jangini tomosha qildim. Islam bir necha bor bitta oyoqqa hujum qilganida, Yen qanday qilib himoyalanganini ko‘rdim. Machado buyuk kurashchi emas. Agar Islam mening oyog‘imga xuddi shunday tashlansa, men uni havoda „uchirib“ yuboraman. Bu juda qiziq bo‘lardi. Ammo kurash va MMA — bular butunlay ikki xil sport. Men aralash jang san’atini hurmat qilaman, shuning uchun ham oktagonda jang qilmayman», — dedi Barrouz.
Erkin kurash afsonasi: Barrouzning sportdagi rekordi
Jordan Barrouz — dunyo erkin kurash tarixidagi eng kuchli va titullarga boy sportchilardan biri hisoblanadi:
London-2012: 74 kg gacha bo‘lgan vazn toifasida Olimpiya o‘yinlari chempioni;
6 karra jahon chempioni: U 2011, 2013, 2015, 2017, 2021 va 2022 yillardagi jahon chempionatlarida tengsiz deb topilib, oltin medallarni qo‘lga kiritgan;
3 ta Jahon chempionati bronzasi: Faoliyati davomida yana uch bor jahon musobaqalari shohsupasiga ko‘tarilgan.
Aralash jang san’atida kurash bazasi bilan dong taratgan va raqiblarini parterda yakson qilib kelayotgan Islam Maxachevga qarshi Barrouzning gilamdagi chaqirig‘i butun sport jamoatchiligida ulkan qiziqish uyg‘otmoqda.































Izohlar 0
…