180 millionlik transferlardan faqat u qoldi: Husanov «Siti»ning kelajagiga aylandi!

Xosep Gvardiola «Etixad»ni tark etib, jamoa boshqaruvi Enso Mareska qo‘liga o‘tganiga qaramay, «Manchester Siti»dagi ulkan avlodlar almashinuvi to‘xtagani yo‘q. Yevropaning yetakchi nashrlari «shaharliklar»ning so‘nggi bir yarim yillik transfer siyosatini tahlil qilar ekan, bir muhim faktni alohida e’tirof etmoqda: 2025 yilning yanvaridagi 180 million funtlik shov-shuvli xaridlardan faqat bir nafar futbolchi jamoaning haqiqiy ustuniga aylana oldi — bu Abduqodir Husanov.
O‘sha qishda jamoa inqirozdan chiqish maqsadida bir yo‘la 5 nafar iqtidorni sotib olgan edi. Oradan 1,5 yil o‘tib, eng qimmat xaridlar allaqachon jamoani tark etdi, o‘zbek himoyachisi esa superklub bilan 2031 yilgacha (yana bir yilga uzaytirish imkoniyati bilan) yangi shartnoma imzoladi.
2025 yil yanvaridagi 180 million funtlik xaridlar taqdiri:
Umar Marmush («Ayntraxt»dan 59 mln funt): Eng qimmat hujumchi sifatida kelgan misrlik forvard «Siti»da muqim qola olmadi va yaqinda «Tottenxem»ga 50 mln funt majburiy sotib olish bandi + 10 mln bonus evaziga ijaraga berildi;
Niko Gonsales («Portu»dan 50 mln funt): 26 avgust kuni rasman «Nyukasl»ga sotib yuborildi;
Vitor Reys («Palmeyras»dan 29,6 mln funt): Ijaradan qaytgan bo‘lsa-da, asosiy tarkibga kira olgani yo‘q;
Juma Ba («Real Valyadolid»dan 5 mln funt): Hamon ijaralarda yuribdi va kelajagi noaniq;
Abduqodir Husanov («Lans»dan 33,5 mln funt): 20 yoshida APL tarixidagi ilk o‘zbek futbolchisiga aylangan himoyachi o‘ziga tikilgan har bir tiyinni to‘liq oqlagan yagona transfer bo‘lib chiqdi.
Tanqidlardan to sovrinlargacha: Husanovning triumfi
Debyut bahsida «Chelsi»ga qarshi uchrashuvdagi ayrim xatolari ingliz studiyalarida keskin tanqid qilingan Husanov qisqa vaqtda o‘zini ko‘rsata oldi:
Asosiy himoyachi maqomi: 2025/2026 yilgi mavsumda Abduqodir Mark Gexi bilan birga APLning eng mustahkam markaziy himoya juftligini hosil qildi;
Ikkita sovrin: U Angliya kubogi va Angliya liga kubogi bahslarida ishonchli harakat qilib, jamoaning bosh sovrinlarni qo‘lga kiritishiga ulkan hissa qo‘shdi;
Raqamlar tilida: Mavsum davomida 37 ta bahsda maydonga tushdi. Chempionatda 1429 daqiqa harakat qilib, FotMob tomonidan o‘rtacha 7,12 ball bilan baholandi (bor-yo‘g‘i 2 ta sariq kartochka).
Mareska davri: Kimlar ketdi va jamoa kimlarning atrofida qurilmoqda?
2026 yilning yozida «Etixad»da chinakam inqilob yuz berdi. Jamoani bir qator yulduzlar — Rodri, Bernardu Silva, Jon Stounz, Savio, Tijani Reynders, Natan Ake, Jeyms Trafford, Marmush va Niko Gonsales tark etdi.
Yangi bosh murabbiy Enso Mareska va klub rahbariyati esa yangi davrni aynan quyidagi yetakchilar atrofida qurmoqda:
Abduqodir Husanov, Erling Xoland, Fil Foden, Yoshko Gvardiol, Jeremi Doku, Janluiji Donnarumma, Rayan Sherki va Elliot Anderson.
Milliy terma jamoa safida Jahon chempionatida ham yorqin o‘yin ko‘rsatib qaytgan 22 yoshli Husanov bugungi kunda nafaqat O‘zbekiston, balki jahon futbolining eng ishonchli yosh himoyachilaridan biri sifatida «Etixad»da o‘z davrini boshlamoqda.































Izohlar 0
…