Vengriyada mast erkak samolyot o‘g‘irlab, AES tomon uchdi

Vengriyada 24 yoshli erkak Kalocha shahridagi aerodromdan Cessna 172 rusumli yengil samolyotni ruxsatsiz olib, mamlakatdagi Paksh atom elektr stansiyasi tomon uchgan. Bu haqda "Eurointegration" xabar berdi.
Hodisa 29 avgust kuni ertalab sodir bo‘lgan. Harbiy radarlar samolyot havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay uni aniqlagan. U Paksh AES yaqinidagi maxsus muhofaza qilinadigan havo hududi tomon harakatlangani sababli Vengriya Harbiy-havo kuchlarining ikkita JAS 39 Gripen qiruvchi samolyoti havoga ko‘tarilgan.
Biroq qiruvchilar yetib kelishidan oldin Cessna 172 Geryen qishlog‘i yaqinidagi kungaboqar dalasiga majburan qo‘ngan. Samolyot shikastlangan, erkak esa yengil jarohat olgan. U voqea joyidan piyoda ketib, yordam berish uchun to‘xtagan haydovchining avtomobilini ham olib qochishga uringan. Ko‘p o‘tmay politsiya tomonidan qo‘lga olingan.
Tekshiruv davomida 24 yoshli erkak mast holatda bo‘lgani aniqlangan. Huquq-tartibot organlari samolyotni noqonuniy egallab olish va boshqa ehtimoliy huquqbuzarliklar bo‘yicha tergov olib bormoqda.
Paksh atom elektr stansiyasi Vengriyadagi yagona tijoriy atom elektr stansiyasi hisoblanadi. Uning atrofidagi havo hududi maxsus muhofaza qilinadi.






























Izohlar 0
…