Tramp, Si Jinping va Putindan muhim tabrik: Dunyo yetakchilari Shavkat Mirziyoyevga nimalar yozdi?

O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga dunyoning eng yirik davlatlari va hukumatlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda taniqli jamoat arboblaridan samimiy qutlov maktublari kelmoqda.
Global siyosat yetakchilari o‘z tabriklarida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan manzilli islohotlar, mamlakatning xalqaro maydonda ortib borayotgan nufuzi hamda strategik sheriklik aloqalarini yuqori baholadilar.
Donald Tramp: «Strategik sherikligimiz izchil kengaymoqda»
AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uy nomidan yo‘llagan rasmiy qutlovida ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning rivojiga to‘xtalib o‘tdi:
Islohotlarga yuqori baho: «O‘zbekiston muhim va manzilli islohotlarni amalga oshirayotgani sari strategik sherikligimiz ham izchil ravishda kengayib, rivojlanib bormoqda»;
Xavfsizlik va investitsiyalar: «O‘tgan yil davomida biz chegaralar xavfsizligini ta’minlash, ikki tomonlama savdo va investitsiyalarni oshirish, energetika sohasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda mintaqaviy bog‘liqlikni kengaytirish yo‘lida salmoqli ishlarni amalga oshirdik»;
Kelajak istiqbollari: Oq uy rahbari Qo‘shma Shtatlar hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini o‘rganish orqali do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashdan umidvor ekanini bildirdi.
Si Jinping: «Har qanday sharoitdagi har tomonlama strategik sherik»
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Jinping O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘lidagi ulkan yutuqlarini e’tirof etdi:
So‘nggi o‘n yillik natijalari: «O‘tgan 35 yil davomida, ayniqsa, so‘nggi o‘n yilda Sizning rahbarligingizda O‘zbekiston o‘z taraqqiyotida salmoqli muvaffaqiyatlarga erishdi. Do‘st qo‘shni va har qanday sharoitdagi strategik sherik sifatida Xitoy bundan samimiy mamnun»;
Umumiy taqdir hamjamiyati: «Biz Siz bilan munosabatlarni rivojlantirishning yangi rejalarini belgilab oldik. Ikki mamlakat xalqlari farovonligi yo‘lida Xitoy – O‘zbekiston umumiy taqdir hamjamiyatini barpo etishni birgalikda ilgari surishga tayyorman».
Vladimir Putin: «O‘zbekiston jahon maydonida yuksak nufuzga ega»
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarini ta’kidladi:
Xalqaro nufuz va barqarorlik: «Mamlakatingiz iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish yo‘lidan ishonch bilan bormoqda hamda jahon maydonida haqli ravishda yuksak nufuzga ega»;
Sermahsul sheriklik: «Moskva va Toshkent o‘rtasida barcha asosiy yo‘nalishlarda sermahsul sheriklik, xalqaro masalalarda samarali o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Mintaqaviy xavfsizlik va do‘st xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida sheriklikni yanada kengaytiramiz».
O‘zbekiston xalqiga qutlov yo‘llagan xorijiy yetakchilar:
Markaziy Osiyo va qardosh davlatlar: Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an;
Yevropa va Yaqin Sharq davlatlari: Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer, Italiya prezidenti Serjo Mattarella, Yevropa Kengashi rahbari Antoniu Koshta, Saudiya Arabistoni Qiroli Salmon bin Abdulaziz va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon, Misr rahbari Abdulfattoh as-Sisiy, Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif hamda boshqa davlat arboblari.































Izohlar 0
…