Tovuq go‘shti dunyoda eng ko‘p iste’mol qilinadigan go‘shtga aylandi

Tovuq go‘shti dunyoda eng ommabop go‘sht turiga aylandi. So‘nggi o‘n yilliklarda unga bo‘lgan talabning ortishi ishlab chiqarish hajmini ham keskin oshirdi. Bu haqda Financial Times xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 2006–2023 yillar oralig‘ida dunyoda tovuq yetishtirish hajmi sezilarli darajada oshgan. 2006 yilda dunyoda taxminan 48,3 milliard dona tovuq bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib bu ko‘rsatkich 76,2 milliard donaga yetgan.
Tovuq go‘shtiga talab ayniqsa Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Amerika va Yevropada yuqori. Tovuqning nisbatan arzonligi, tez yetishtirilishi va turli taomlarga mos kelishi uning ommalashishiga xizmat qilmoqda. FAO ma’lumotlariga ko‘ra, tovuq dunyodagi eng muhim parranda turi bo‘lib, parranda go‘shti ishlab chiqarishining asosiy qismini ta’minlaydi.
Tovuq go‘shtining yana bir ustunligi — uning turli qismlarini alohida bozorlarga yo‘naltirish imkoniyati. Masalan, G‘arb mamlakatlarida xaridorlar orasida unchalik mashhur bo‘lmagan tovuq panjalari Xitoyda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlardan biri hisoblanadi.
Mutaxassislar fikricha, aholi soni va xarid qobiliyatining o‘sishi, shuningdek, shaharlashuv jarayoni parranda mahsulotlariga bo‘lgan talabni kelgusida ham oshirishi mumkin. FAO ham aholi ko‘payishi, daromadlar o‘sishi va urbanizatsiya parrandachilik sanoati rivojiga turtki berayotganini ta’kidlaydi.






























Izohlar 0
…