Mutaxassislar elektr energiyasini talab qilmaydigan yangi sovitish tizimini yaratdi

Mutaxassislar elektr energiyasini talab qilmaydigan yangi sovitish tizimini yaratdi

Germaniya va Yaponiyaning yetakchi ilmiy markazlari mutaxassislari elektr motori hamda anʼanaviy kompressorlarni talab qilmaydigan tubdan yangi sovitish texnologiyasini ishlab chiqdi. Ixbt.com nashrining xabar berishicha, ushbu innovatsion ishlanma bevosita issiqlik energiyasidan foydalangan holda uni sovuqqa aylantirish imkonini beradi va kelgusida turli elektronika hamda transport vositalarida qoʻllanilishi mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Mazkur noyob loyiha ortida Karlsrue texnologiya instituti (KIT) va Tsukuba universiteti olimlarining saʼy-harakatlari turibdi. Tadqiqotchilar taʼkidlashicha, bu dunyodagi ilk qattiq jismli elastokalorik sovitish tizimi boʻlib, u qoʻshimcha elektr taʼminotisiz, toʻgʻridan-toʻgʻri issiqlik evaziga faoliyat yuritish xususiyatiga ega.

Tizim qanday ishlaydi

Inqilobiy qurilmaning asosiy konstruksiyasi xotira effektiga ega boʻlgan nikel-titan qotishmasidan tayyorlangan ikkita oʻta yupqa plyonkadan iborat. Birinchi plyonkaning qalinligi atigi 22 mkm boʻlib, u issiqlik dvigateli vazifasini bajaradi. Ushbu qism qizdirilganda qisqaradi va mavjud issiqlik energiyasini mexanik kuchga aylantirib beradi.

Hosil boʻlgan mexanik kuch ikkinchi, qalinligi 26,5 mkm boʻlgan plyonkani choʻzishga sarflanadi. Oʻta elastik qotishmadan yasalgan bu ikkinchi element bevosita sovitish jarayoni uchun masʼuldir. Materialning yuklanishi va strukturasi oʻzgarganda uning harorati keskin pasayishi kuzatiladi.

Sinov natijalari va kelajakdagi imkoniyatlar

Tajriba davomida yaratilgan sinov prototipida asosiy privet qismining 86 darajagacha qizishi sovitilayotgan obyekt haroratini taxminan 4 darajaga pasaytirish imkonini berdi. Elastokalorik plyonkaning oʻzida esa haroratlar farqi deyarli 13 darajaga yetgan. Olimlarning qayd etishicha, tizim manba harorati 130 darajagacha koʻtarilgan sharoitda ham oʻzining ish qobiliyatini toʻliq saqlab qolgan.

Nazariy jihatdan, elastokalorik sovitish texnologiyasi mumkin boʻlgan maksimal samaradorlikning 84 foizigacha erishish salohiyatiga ega. Biroq hozircha bu shunchaki texnologiyaning imkoniyatlarini amalda tasdiqlovchi prototip boʻlib, u oddiy maishiy xolodilniklar yoki konditsionerlarni darhol almashtira olmaydi.

Kelgusida tadqiqotchilar bir nechta shunday plyonkalarni parallel ravishda birlashtirgan holda tizim quvvatini sezilarli darajada oshirishni rejalashtirgan. Mutaxassislarning fikricha, mazkur texnologiya kelgusida protsessorlarning (CPU) oʻzidan ajralib chiqadigan issiqlik hisobiga ularni samarali sovutishda hamda elektromobillarning kuch qurilmalari elektronikasini ortiqcha qizishdan himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar