Hindistondagi sirli restoran: mijozlar qabrlar orasida ovqatlanadi

Hindistondagi sirli restoran: mijozlar qabrlar orasida ovqatlanadi

Hindistonning Ahmadobod shahridagi g‘ayrioddiy restoran o‘zining noodatiy muhiti bilan ko‘pchilik e’tiborini tortmoqda. Bu yerda mehmonlar ovqatlanish vaqtida atrofidagi eski qabrlarni ko‘rishlari mumkin.

Lal Darvaza hududida joylashgan Lucky Restaurant, ya’ni New Lucky Restaurant nomi bilan ham tanilgan maskanda stollar qabrlar atrofiga joylashtirilgan. Qabrlar kichik metall panjaralar bilan ajratilgan.

Restoran ma’muriyati qabrlarni har kuni tozalab, marhumlarga hurmat belgisi sifatida ularni gullar bilan bezatib turadi.

Qabrlar ko‘chirilmagan

Restoran tarixi 1950-yillarga borib taqaladi. O‘sha davrda qabriston yonida kichik choyxona tashkil etilgan. Keyinchalik biznes kengayib, bu yerda restoran barpo etilgan.

Biroq hududdagi qabrlar boshqa joyga ko‘chirilmagan. Ular avvalgi joyida qoldirilib, stollar qabrlar atrofiga joylashtirilgan.

G‘ayrioddiy manzarasiga qaramay, restoran o‘nlab yillar davomida faoliyat yuritib kelmoqda. Qizig‘i, muassasaning rasmiy veb-sayti yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari yo‘q. U asosan mijozlarning tavsiyalari va mahalliy obro‘si orqali tanilgan.

Restoranda turli xil taomlar taklif etiladi. Shunga qaramay, choy va bulochka eng ko‘p buyurtma qilinadigan mahsulotlar qatorida turadi.

Maskan mahalliy aholi orasida «omad keltiradigan joy» sifatida ham mashhur. Ayrim mijozlar muhim tadbirlar, biznesga oid qarorlar yoki imtihonlar oldidan bu yerga kirib, omad tilashadi.

Restoranning yana bir o‘ziga xos jihati — uning mashhur hind rassomi M.F. Husayn bilan bog‘liqligi. Ma’lumotlarga ko‘ra, rassom mazkur maskanga muntazam tashrif buyurgan.

Uning kartinalaridan biri hanuzgacha restoranda saqlanib, namoyish etilmoqda.

Shu tariqa, o‘nlab yillik tarixga ega Lucky Restaurant nafaqat ovqatlanish joyi, balki Ahmadobodning o‘ziga xos mahalliy madaniyatining bir qismiga aylangan. U g‘ayrioddiy muhiti, tarixi va o‘ziga xos an’analari bilan sayyohlar hamda mahalliy aholida qiziqish uyg‘otib kelmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar