«Menda onamni o‘ldirgan gen bor»: ayolning qarori hayratlantirdi

Floridada yashovchi 32 yoshli bloger va uch nafar farzand onasi Danielle Marpl onasining saraton kasalligi bilan vafot etgandan so‘ng o‘z hayoti uchun keskin qaror qabul qildi. U BRCA1 gen mutatsiyasi tashuvchisi ekanini bilgach, kelajakda saraton xavfini kamaytirish maqsadida reproduktiv a’zolari va ko‘krak bezlarini olib tashlatdi.
Danielle hayotni saqlab qolishga qaratilgan profilaktik operatsiyalardan keyin tiklanish jarayonini ijtimoiy tarmoqlarda kuzatuvchilari bilan bo‘lishmoqda. Uning aytishicha, bu qarorni qabul qilishda eng asosiy sabab — uch nafar farzandini o‘zi boshidan kechirgan og‘riqdan asrash istagi bo‘lgan.
BRCA1 gendagi zararli o‘zgarish ko‘krak, tuxumdon va boshqa turdagi saraton kasalliklari rivojlanishi xavfini sezilarli darajada oshirishi mumkin.
Danielle profilaktik gisterektomiya hamda ikki tomonlama profilaktik mastektomiya operatsiyalarini o‘tkazgan. Jarrohlik amaliyotlari avgust oyida amalga oshirilgan va hozir u tiklanish jarayonini boshdan kechirmoqda.
Bloger onasidan ayrilganida bor-yo‘g‘i 7 yoshda edi. U 23 yoshida BRCA1 mutatsiyasi tashuvchisi ekanini bilib qolgan, ammo operatsiya qilish haqidagi qarorni deyarli o‘n yil o‘tib qabul qilgan.
Danielle operatsiyadan keyingi drenajlari bilan raqs tushgan videosini ham e’lon qildi. Uning ushbu roligi 20 mingdan ortiq layk to‘pladi.
U videoga: «Onangizni yoshligingizda olib ketgan saratondan o‘zingizni himoya qilish uchun barcha reproduktiv a’zolaringiz va ko‘kraklaringizni olib tashlash — o‘ziga xos jasorat», mazmunida izoh qoldirdi.
Bloger operatsiyalarning asosiy maqsadi BRCA1 mutatsiyasi bilan bog‘liq xavfni kamaytirish ekanini ta’kidladi. U, avvalo, uch nafar farzandini onasidan ayrilgan paytidagi kabi og‘ir holatga tushib qolishidan asrashni istashini aytdi.
Daniellening jasoratli qarori kuzatuvchilaridan ham iliq munosabat oldi. Ular blogerga tezroq sog‘ayib ketishini tilab, uning matonati va kuchiga tahsin bildirishdi.
Bir kuzatuvchi: «Bu juda yoqdi, tezroq sog‘ayib ketishingizni tilayman», deb yozgan bo‘lsa, yana biri uni «jasur va ajoyib» deb atagan. Yana bir foydalanuvchi esa uning kuchli irodasi va doimo tabassum bilan yurishini yuqori baholagan.






























Izohlar 0
…