Toyota oʻzining mashhur Probox universalini yangiladi

Toyota oʻzining mashhur Probox universalini yangiladi

Toyota kompaniyasi Yaponiya bozorida katta talabga ega boʻlgan va 2014-yildan beri ishlab chiqarilayotgan Toyota Probox universalining navbatdagi yangilanishini eʼlon qildi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, avtomobil dizayni, interyeri va dvigatellar gammasi boʻyicha oʻzgarishsiz qolgan boʻlsa-da, uning xavfsizlik va raqamli imkoniyatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Asosiy yangilik sifatida barcha komplektatsiyalar uchun standart jihozlash tarkibiga kiritilgan T-Connect telematik tizimi taqdim etildi. Ushbu tizim haydovchiga favqulodda vaziyatlarda tezkor yordam koʻrsatish hamda maxsus xavfsizlik funksiyalarini bajarishga moʻljallangan boʻlib, avtomobilga oʻrnatilgan DCM kommunikatsion moduli evaziga xaridorlarga besh yillik bepul xizmat koʻrsatish taqdim etiladi.

Xavfsizlik tizimlari va zamonaviy funksiyalar

T-Connect tizimining tarkibiy qismi boʻlgan HelpNet xizmati xavfsizlik yostiqchalari bilan bevosita bogʻlangan. Avtomobil jiddiy YTHga uchragan taqdirda, tizim avtomatik ravishda tezkor xizmatlar operatori bilan bogʻlanadi. Shuningdek, model gʻayrioddiy funksiya — agressiv haydash yoki ehtimoliy olib qochish belgilarini aniqlash imkoniyatiga ega boʻldi.

Agar elektronika avtomobilning harakatini xavfli deb baholasa, u huquq-tartibot idoralariga maʼlumot uzatishi mumkin. Toyota buni oddiy haydash uslubini nazorat qilish vositasi emas, balki qoʻshimcha xavfsizlik elementi sifatida taqdim etmoqda. Bundan tashqari, panelda ogohlantiruvchi indikator yonganda operator bilan bogʻlanish imkonini beruvchi eCare xizmati ham qoʻshildi.

My Toyota+ mobil ilovasi yordamida egalar masofadan turib avtomobil holatini tekshirishlari mumkin. Smartfon orqali eshiklar qulflangani va avariya signali oʻchirilganini nazorat qilish, shuningdek, mashina ochiq qolgan taqdirda ogohlantirish olish imkoni yaratildi.

Texnik qism va narxlar

Avtomobilning texnik qismida hech qanday oʻzgarish amalga oshirilmadi. Toyota Probox avvalgidek 108 ot kuchiga ega 1,5 litrli atmosferali benzinli dvigatel yoki umumiy quvvati 99 ot kuchini tashkil etuvchi gibrid qurilma bilan taklif etiladi. Benzinli versiya variator va old yoki toʻliq uzatmali tizim bilan taʼminlansa, gibrid faqat old privodli boʻladi.

Telematik tizimning joriy etilishi mashina narxiga biroz taʼsir qilib, uni qariyb 47 300 iyanga ($300) qimmatlashtirdi. Yangilanishdan keyin Yaponiyada old privodli bazaviy versiya 1 965 700 iyendan ($12 600), toʻliq uzatmali model esa 2 127 400 iyendan ($13 600) boshlanadi. Eng yuqori gibrid Probox F narxi 2 308 900 iyenani ($14 800) tashkil etadi.

Mazkur oilaviy universal tarixi 2002-yildan boshlanib, joriy avlod modeli allaqachon 12 yildan buyon konveyrda turibdi. Yaponiya ommaviy axborot vositalarining xabarlariga koʻra, Toyota 2027-yilning oxiri yoki 2028-yilda toʻlaqonli yangi avlod Probox modelini taqdim etishi mumkin. Yangi avlod avtomobili Yaris rusumida qoʻllaniladigan zamonaviy TNGA-B platformasiga oʻtishi kutilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar