Xitoyning Yaogan-50 (02) sunʼiy yoʻldoshi orbitada parchalanib ketdi

Xitoyning Yaogan-50 (02) sunʼiy yoʻldoshi orbitada parchalanib ketdi

Kosmosda yana bir yirik texnogen hodisa qayd etildi. Joriy yilning mart oyida koinotga uchirilgan Xitoyning Yaogan-50 (02) sunʼiy yoʻldoshi nomaʼlum sabablarga koʻra kamida 43 ta boʻlakka boʻlinib ketdi. Ushbu holat sayyoramiz atrofidagi orbitada mavjud boʻlgan kosmik chiqindilar muammosini yana bir bor keskin kun tartibiga olib chiqdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

ixbt.com maʼlumotiga koʻra, mazkur kosmik apparatning parchalanishi AQSh Kosmik kuchlarining 18-kosmik mudofaa eskadrilyatsiyasi tomonidan rasman kataloglashtirildi. Hozirgi vaqtda halokatning aniq sabablari nomaʼlim boʻlib qolmoqda. Mutaxassislar dvigatel yoki akkumulyator batareyasining ishdan chiqqani yoxud boshqa kosmik obyekt bilan toʻqnashuv sodir boʻlganini ehtimoliy sabab sifatida koʻrib chiqishmoqda.

Noodatiy orbita va uning xavflari

Qulagan apparat 15-mart kuni Tayyuan kosmodromidan Long March 6A raketasi yordamida noyob hisoblangan kuchli retrograd orbitaga chiqarilgan edi. Bunday orbitada sunʼiy yoʻldosh Yerning aylanish yoʻnalishiga qarshi harakatlanadi. Garchi bu usul koʻproq energiya talab qilib, raketa foydali yukini kamaytirsa-da, apparatga Yer yuzasiga nisbatan tezroq harakatlanish hamda oʻrta kengliklarni, jumladan Xitoy hududini tez-tez kuzatish imkonini berardi.

Hozirda hosil boʻlgan yuzlab boʻlaklar 600 dan 1100 kilometrgacha boʻlgan balandlikdagi orbita boʻylab sochilib ketgan. Ushbu balandlikda atmosfera qarshiligi deyarli sezilmaydi. Shu sababli, hosil boʻlgan kosmik chiqindilar koinotda oʻnlab yillar davomida saqlanib qolib, boshqa amaldagi sunʼiy yoʻldoshlar uchun jiddiy xavf tugʻdirishi kutilmoqda.

Kosmik chiqindilarning global muammosi

Xitoy tomoni hozircha hodisa yuzasidan ommaviy bayonot bermagan boʻlsada, mamlakatning Spacemapper kosmik obyektlar katalogida ushbu apparat bilan bogʻliq toʻrtta fragment allaqachon qayd etilgan. Bu Xitoy kuzatuv vositalari ham mazkur avariyani fiksatsiyalaganini anglatadi. Garchi CASC korporatsiyasi Yaogan turkumidagi qurilmalarni qishloq xoʻjaligi va tabiiy ofatlarni bartaraf etish uchun moʻljallangan deb atasa-da, gʻarbiy tahlilchilar ularning ayrimlari harbiy razvedka maqsadlarida ham ishlatilishini taxmin qilishadi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, koinotdagi chiqindilar muammosi allaqachon alohida avariyalar koʻlamidan chiqib ketgan. Bugungi kunda orbitada oʻlchami 10 santimetrdan oshadigan 54 000 ga yaqin obyekt kuzatib boriladi. Ularning atigi 9300 tasi ishlaydigan apparatlardir. 1 dan 10 santimetrgacha boʻlgan kichik fragmentlar soni 1,2 millionni, 1 millimetrdan 1 santimetrgacha boʻlgan zarrachalar esa 140 millionni tashkil qiladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar