Kongodagi to‘yda dahshatli yong‘in: 22 kishi halok bo‘ldi

Kongo Demokratik Respublikasi poytaxti Kinshasada to‘y marosimi paytida kuchli yong‘in sodir bo‘lib, 20 dan ortiq insonning hayotiga zomin bo‘ldi.
Fojia 5 sentyabr kuni Lingvala kommunasidagi tantanalar zallaridan birida yuz bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida kamida 22 kishi halok bo‘lgan, ko‘plab odamlar esa turli darajada jarohatlanib, shifoxonalarga olib ketilgan.
Mahalliy hokim Norber Mushiga Nzindula ma’lum qilishicha, yong‘in vaqtida zaldagi mehmonlarni tashqariga olib chiqish jiddiy muammoga aylangan. Bunga binoda faqat bitta chiqish eshigi mavjud bo‘lgani sabab bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tor chiqish yo‘lagi odamlarning bir vaqtda tashqariga chiqishiga imkon bermagan. Bundan tashqari, yong‘in tufayli hosil bo‘lgan quyuq tutun va odamlar orasidagi vahima vaziyatni yanada murakkablashtirgan.
Hozircha yong‘inning aniq sababi ma’lum emas. Hodisa yuzasidan tegishli xizmatlar tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.






























Izohlar 0
…