Google Research olimlari mevali chivin miyasini to‘liq kartalashtirdi

ixbt.com maʼlumotiga koʻra, Google Research tadqiqotchilari ilk bor voyaga yetgan erkak mevali chivin (Drosophila melanogaster) miyasining toʻliq konnektomini — nerv hujayralari orasidagi bogʻlanishlarning batafsil sxemasini olishga muvaffaq boʻlishdi. Oʻn yil davom etgan ushbu ulkan loyiha doirasida olimlar nafaqat miyani, balki inson orqa miyasiga funksional oʻxshash boʻlgan qorin nerv zanjirini ham toʻliq xaritalashtirdilar. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi xaritaga jami 166 mingdan ortiq neyron va 125 millionga yaqin sinaptik bogʻlanishlar kiritildi. Ushbu maʼlumotlar signallar yoʻlini toʻgʻridan-toʻgʻri miyadan tortib, tana harakatini boshqaruvchi neyronlargacha kuzatib borish imkonini beradi. Tadqiqotchi guruh chivin miyasi va tanasini millionlab yupqa boʻlaklarga boʻlib chiqib, ularning har birini elektron mikroskopiya yordamida oʻrgandi.
Sunʼiy intellekt yordamida uch oʻlchamli rekonstruksiya
Hisoblash usullari va sunʼiy intellekt texnologiyalari millionlab ikki oʻlchamli tasvirlarni yagona uch oʻlchamli nerv tizimi rekonstruksiyasiga birlashtirishda muhim rol oʻynadi. Shundan soʻng yakuniy xarita qoʻshimcha ravishda tekshirilib, belgilab chiqildi. Hosil boʻlgan tuzilma vizual-motor yoʻllarni, jumladan, erkaklarning juftlashish xatti-harakatlarini qayta ishlash bilan bogʻliq oʻziga xos neyron turlarini aniq koʻrsatib berdi.Mutaxassislarning taʼkidlashicha, mazkur tadqiqot erkaklar va urgʻochilar nerv tizimidagi farqlarni chuqur oʻrganish uchun asos yaratdi. Aksariyat neyron turlari har ikki jinsda bir xil boʻlsa-da, baʼzi hujayralar faqat bittasida uchraydi. Bundan tashqari, bir xil turdagi neyron boshqa-boshqa qoʻshni hujayralar bilan bogʻlangan holatlar ham aniqlangan.
Kelajakdagi ilmiy tadqiqotlar uchun poydevor
Erkak chivin xaritasi urgʻochi drosophila konnektomini toʻldirib, ikki jins nerv tizimini tizimli taqqoslash imkonini berdi. Hozirning oʻzida ushbu xarita asosida chivinlar koʻrishi, taʼm bilish tizimi va ijtimoiy xulq-atvoriga bagʻishlangan uchta ilmiy tadqiqot eʼlon qilindi.Mualliflar ushbu maʼlumotlar bazasidan kelgusidagi tajribalar uchun poydevor sifatida foydalanishni rejalashtirgan. Drozofila biologiyada qisqa hayot sikli va yaxshi oʻrganilgan genetikasi tufayli asosiy model organizm boʻlib qolmoqda, endilikda esa u miya faoliyatini hujayra darajasida oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.






























Izohlar 0
…