Ukrainada Bosh prokuror ofisidan dollarlar solingan seyf topildi

Ukrainada Bosh prokuror ofisidan dollarlar solingan seyf topildi

Ukrainaning Ixtisoslashtirilgan korrupsiyaga qarshi prokuraturasi Bosh prokuratura idorasida o‘tkazilgan tergov doirasida topilgan naqd pullar solingan seyf suratini e’lon qildi. Mazkur fotosurat 5 sentyabr kuni idoraning Telegram-kanaliga joylashtirilgan.

Suratda balandligi qariyb bir metr bo‘lgan metall seyf aks etgan. U bir nechta tokcha va pastki qismida tortma bilan jihozlangan. Seyf ichida eski va yangi namunadagi yuz dollarlik kupyuralar taxlab qo‘yilgan bo‘lib, tasvirdan uning qariyb yarmigacha naqd pul bilan to‘ldirilgani ko‘rinadi.

Ma’lum qilinishicha, Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi Ixtisoslashtirilgan korrupsiyaga qarshi prokuratura bilan hamkorlikda bir kun avval Bosh prokuratura ofisi kiberdepartamenti rahbari Sergey Krapivani qo‘lga olgan.

Uning qo‘lga olinishi firibgarlik koll-markazlari faoliyatini himoya qilish va noqonuniy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq jinoiy tashkilot faoliyatini fosh etishga qaratilgan maxsus operatsiya doirasida amalga oshirilgani aytilmoqda.

Shuningdek, Ukrainaning “Zerkalo nedeli” nashri mamlakat hududida qariyb 2 mingta firibgarlik koll-markazi faoliyat yuritayotgani haqida ma’lumot bergan. Nashrga ko‘ra, ularning taxminan yarmi tekshiruv va tintuvlardan himoyalanish uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillariga muntazam ravishda pul to‘lab kelgan.

Qayd etilishicha, bunday noqonuniy to‘lovlarning umumiy miqdori oyiga 24 million dollardan oshishi mumkin.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov va tezkor tadbirlar davom etmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar