Serxio Aguero 2012-yildagi tarixiy golini qanday eslaydi

Angliya Premyer-ligasi tarixidagi eng unutilmas lahzalardan biri boʻlgan Serxio Agueroning 2012-yilda QPR darvozasiga kiritgan gʻalaba toʻpi oradan yillar oʻtib ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagani maʼlum boʻldi. Goal.com xabar berishicha, faoliyatini yakunlagan argentinalik hujumchi Manchester Siti klubiga oʻzining zamonaviy davrdagi ilk chempionlik unvonini olib kelgan oʻsha afsonaviy gol ortidagi puxta rejalashtirilgan harakatlar va oʻz boshidan kechirgan kechinmalari bilan oʻrtoqlashdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
FourFourTwo nashriga bergan intervyusida Serxio Aguero oʻsha paytda chempionlikni qoʻldan boy berish ehtimoli uning xayolidan oʻtgani va oʻyin davomida kuchli sarosima hukmronlik qilganini tan oldi. Manchester Yunayted ustidan qozonilgan muhim gʻalabadan soʻng jamoa mavsumning soʻnggi turida oʻz maydonida QPRni magʻlub etsa bas, chempionlikni naqd qilishini aniq bilardi. Biroq uchrashuvning ikkinchi boʻlimida kutilmaganda hisob 1:2 koʻrinishiga kelib qoldi.
Oʻsha lahzalardagi ruhiy bosimni eslab, sobiq hujumchi quyidagilarni taʼkidladi: “Bunday paytda boshqa hech narsa haqida oʻylamaysiz. Faqat chempionlikni boy berayotganingiz xayolingizdan oʻtadi. Ammo, baribir, oxirigacha harakat qilishda davom etdik”.
Edin Dzeko goli va Mario Balotelli bilan rejalashtirilgan taktik yurish
Hakam tomonidan qoʻshib berilgan daqiqalarda, Aniqrogʻi 92-daqiqada Edin Dzeko hisobni tenglashtirgach, Serxio Aguero yana gol ura olishiga qatʼiy ishondi. Futbolchining soʻzlariga koʻra, keyinchalik Mario Balotelli bilan amalga oshirilgan tezkor kombinatsiya shunchaki tasodifiy holat emas, balki oldindan puxta oʻylab qoʻyilgan taktik reja edi.Aguero oʻsha vaziyatni quyidagicha eslaydi: “Men Nayjel de Jongdan toʻpni qabul qilish uchun orqaga harakatlanishga qaror qildim va Mario Balotelli bilan ‘devor usuli’da oʻynashga urindim. Bu reja boshimda allaqachon bor edi va men buni oldindan oʻylab qoʻygandim. Mario bilan oldindan gaplashib qoʻygandim: unga toʻpni uzatib, ortidan yana oʻzimga pas berishini soʻragandim. Xayriyatki, Mario bilan tuzgan rejamiz ish berdi va yakunda mukammal kombinatsiya hosil boʻldi”.
May 13 sanasi va muxlislar bilan abdiy bogʻliqlik
Oradan oʻn yildan koʻproq vaqt oʻtib, oʻsha golning hissiy ogʻirligi Serxio Aguero uchun yanada ortgan. Besh yil oldin professional faoliyatini yakunlagan argentinalik futbolchi bugungi kunga kelib bu muvaffaqiyat Manchester Siti klubi hamda uning muxlislari uchun qanchalik ulkan tarixiy ahamiyatga ega ekanini toʻlaqonli anglab yetmoqda.Sobiq hujumchi muxlislarning sadoqati va eʼtibori haqida shunday dedi: “Muxlislar hamon meni kuzatib borayotgani, oʻynagan paytlarimdagidek yaxshi koʻrishlari juda yoqimli. Oʻn yil davomidagi harakatlarim, qoʻlga kiritilgan barcha chempionliklar va albatta klub tarixida muhim oʻrin tutgan QPRga urilgan golim ular uchun quvonch keltirganidan xursandman”.
Hozirda yashil maydonlarda toʻp surmayotgan boʻlsa-da, yillar oʻtgani sari oʻsha mashhur voqea qadrli xotiraga aylangani seziladi. Serxio Aguero har yili 13-may sanasida — QPRga qarshi kechgan oʻsha afsonaviy oʻyin kunida oʻsha hayajonli lahzalarni yana bir bor qalbidan oʻtkazishini va bu xotiralar un uchun doimo qadrli boʻlib qolishini eʼtirof etdi.






























Izohlar 0
…