Afg‘onistonda 6 yoshli qiz 60 yoshli erkakka 200 ming rupiyaga berilgan

Afg‘onistonning Hilmand viloyatida 6 yoshli qizning 60 yoshli erkakka 200 ming Pokiston rupiyasi evaziga nikohlab berilgani ma’lum qilindi. Bu haqda 8AM Media xabar berdi.
Xabarlarga ko‘ra, voqea Garmser tumanida sodir bo‘lgan. Hilmand viloyati Tolibon matbuot idorasi ma’lum qilishicha, qizning otasi oiladagi moliyaviy muammolar sabab farzandini 60 yoshli erkakka bergan va buning evaziga 200 ming Pokiston rupiyasi olgan. Rasmiy bayonotda otaning giyohvand moddalarga qaram ekani ham qayd etilgan.
Keyinchalik ushbu ish sudga yuborilgan. Tolibon rasmiylariga ko‘ra, sud ishni ko‘rib chiqib, 6 yoshli qizning nikohini bekor qilgan.
Bundan tashqari, Hilmandning Nad Ali tumanida 8 yoshli qiz 80 yoshli erkakka turmushga berilishi rejalashtirilgani haqida xabarlar tarqalgan. Mahalliy rasmiylar aralashuvi natijasida bu nikoh amalga oshishidan oldin to‘xtatilgani aytilmoqda.
Mazkur ikki holat Afg‘onistonda bolalar nikohi va majburiy turmushga berish muammosi saqlanib qolayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Xalqaro tashkilotlar va huquq himoyachilari mamlakatdagi qashshoqlik hamda qizlarning ta’lim olish imkoniyatlari cheklangani bolalar nikohi xavfini kuchaytirayotganidan xavotir bildirmoqda.






























Izohlar 0
…