70 yoshli ayol asrab olgan 17 yoshli qizini maymunga almashtirdi

70 yoshli ayol asrab olgan 17 yoshli qizini maymunga almashtirdi

Joriy yilning 3 sentyabr kuni AQSHning Missuri shtatida 70 yoshli ayol asrab olgan bolaning hayotini jiddiy xavf ostida qoldirgani uchun sud oldida javob berdi. Tergov davomida ayol 17 yoshli qizni Texasdagi tanishlariga yuborib, uning o‘rniga ekzotik maymunni qabul qilib olgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “People” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Linkoln okrugi sudyasi sudlanuvchiga dastlab 7 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilagan. Biroq jazoni amalda qo‘llash darhol bekor qilinib, uning o‘rniga ayolga uch yillik sinov muddati tayinlangan.

Sobiq vasiy ayol 17 yoshli qizaloqni Texas shtatida istiqomat qiluvchi tanishlarining uyiga yuborganlikda aybdor deb topilgan. Eng hayratlanarlisi, o‘smirning taqdiri evaziga u yerdan ekzotik maymunni qabul qilib olgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotlariga ko‘ra, qiz Texasdagi xonadonda vahshiy hayvonlar bilan birga saqlangan. U nafaqat shunday og‘ir sharoitda yashagan, balki hayvonlarni parvarish qilish ishlariga ham majburlangan.

Voqeaga maktab xavfsizlik xizmati va ijtimoiy xizmatlar aralashgan. Bunga o‘smirning uzoq vaqt davomida darslarga va mashg‘ulotlarga qatnashmagani sabab bo‘lgan. Mas’ul xodimlar vaziyatni o‘rganishi natijasida qizga nisbatan yetarli darajada g‘amxo‘rlik qilinmayotgani aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, Brendi Doych umri davomida 200 nafardan ortiq bolani tarbiyalab, ularga vasiylik qilgan. Ammo mazkur voqeadan so‘ng sud uning vasiylik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini, ya’ni litsenziyasini bekor qilgan.

Shuningdek, tergov doirasida tuzilgan sud kelishuvi natijasida bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish bilan bog‘liq qo‘shimcha ayblovlar olib tashlangan.

Sudda sudlanuvchining o‘z tug‘ishgan qizi ham fikr bildirgan. U chiqarilgan qaror va jazoning yumshoqligidan shok holatida ekanini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur holat ijtimoiy himoya tizimida jiddiy kamchiliklar borligini va tizim bolani himoya qilish vazifasini bajara olmaganini ko‘rsatadi.

Hozirda 17 yoshli asrab olingan qiz Texas ijtimoiy xizmatlari vasiyligida. U boshidan kechirgan og‘ir voqealardan so‘ng oddiy va barqaror hayotga qaytishga harakat qilmoqda.

Ushbu voqea bolalar taqdiri va ularning xavfsizligini ta’minlashda vasiylik hamda ijtimoiy himoya tizimining mas’uliyati qanchalik muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar