Eyfel minorasida ishlovchi “nomahram” ayollar minoradan chetlatildi

Eyfel minorasida ishlovchi “nomahram” ayollar minoradan chetlatildi

Parijdagi Eyfel minorasiga hindu diniy delegatsiyasi tashrifi chog‘ida ayol xodimlar ish joylarini tark etishga majburlangani haqidagi xabarlar yuzasidan tekshiruv boshlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Hodisa joriy yilning 6 sentyabr kuni taxminan 100 nafar kishidan iborat, BAPS nomi bilan tanilgan hindu diniy tashkilotiga aloqador delegatsiyaning Eyfel minorasiga yopiq tashrifi vaqtida sodir bo‘lgani aytilmoqda.

Kasaba uyushmasi vakili Dian Davuanning “Reuters” agentligiga aytishicha, delegatsiya o‘tib ketayotgan paytda ayol xodimlardan ish joylarini tark etish va ularning o‘rniga erkak hamkasblarini qo‘yish so‘ralgan. Mazkur holat xodimlar orasida norozilik va e’tirozlarga sabab bo‘lgan.

Qayd etilishicha, 7 sentyabr kuni xodimlar yuz bergan voqeani muhokama qilish hamda rahbariyat bilan muloqot o‘tkazish maqsadida yig‘ilish o‘tkazgan. Shu sababli Eyfel minorasi belgilangan vaqtdan kechroq ochilgan. Kirish qismida esa yuzaga kelgan kechikish “operatsion sabablar” bilan izohlangan yozuv paydo bo‘lgan.

Davuanning aytishicha, minora ma’muriyati xodimlardan mazkur hodisa uchun uzr so‘ragan.

Parij meri Emmanuel Greguar ham voqea yuzasidan imkon qadar tezroq tekshiruv boshlanishini ma’lum qilgan. U xodimlarning noroziligi asosli ekanini ta’kidlab, yuz bergan holatga olib kelgan barcha sabablar aniqlanishi zarurligini bildirgan.

Shuningdek, hodisa yuzasidan BAPS tashkiloti ham bayonot bergan. Unda delegatsiyaning kelishi tashrif buyuruvchilarga xalaqit bermaslik maqsadida minora ochilishi bilan bir vaqtga rejalashtirilgani aytilgan.

Tashkilot vakillarining ta’kidlashicha, ularga ma’lum bo‘lgan holatga ko‘ra, hech kim Eyfel minorasiga kirishdan to‘sib qo‘yilmagan. Shu bilan birga, BAPS yuzaga kelgan noqulaylik yoki og‘riqli holat uchun uzr so‘ragan.

Ma’lum qilinishicha, Fransiya Milliy assambleyasi raisi Yael Braun-Pive ham voqeaga munosabat bildirgan. U Fransiyada ayollar jamoat hayotida erkaklar bilan teng ravishda ishtirok etishini ta’kidlab, boshqalarni qabul qilish mamlakat qadriyatlaridan voz kechishni anglatmasligini bildirgan.

Bildirilishicha, BAPS delegatsiyasi Fransiyaga Parij atrofida hindu ibodatxonasi ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlarda ishtirok etish uchun borgan bo‘lgan.

Hozirda Eyfel minorasida sodir bo‘lgan mazkur holat yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda. Voqea atrofidagi barcha holatlar aniqlanishi va ayol xodimlarning ish joylarini tark etishiga aynan qanday sabablar turtki bo‘lgani oydinlashtirilishi kutilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar