O‘qituvchilarga 1 oktyabrda qancha mukofot berilishi kutilmoqda?

Pedagog xodimlarga 1 oktyabr munosabati bilan 1 mln 20 ming so‘mgacha mukofot puli berilishi mumkin. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi 823-sonli qarorida belgilangan.
Mazkur tasdiqlangan nizomning 29-bandida umumta’lim muassasalari xodimlari, shu jumladan rahbar xodimlari faqat “1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Jamg‘armaning mavjud mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 foizigacha miqdorida rag‘batlantirilishi, ya’ni mukofotlanishi mumkinligi qayd etilgan.
Shu o‘rinda muhim jihat shundaki, mukofot puli miqdorini hisoblashda o‘qituvchining oylik maoshi emas, balki mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori asos qilib olinadi. Demak, mukofot miqdori pedagogning shaxsiy oylik ish haqiga qarab emas, belgilangan eng kam mehnat haqi miqdoridan kelib chiqqan holda hisob-kitob qilinadi.
Ma’lumot uchun, hozirgi kunda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 mln 360 ming so‘m etib belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha va maktab ta’limi sohasida boshqaruv tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 51-sonli farmoni bilan pedagog va rahbar xodimlarga beriladigan mukofot puli miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 75 foizigacha etib belgilandi.
Bu esa avvalgi tartibga nisbatan mukofot pulining yuqoriroq miqdorda belgilanishiga imkoniyat yaratadi. Ya’ni pedagoglar va rahbar xodimlarni “1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan rag‘batlantirishda yangi me’yor qo‘llanishi mumkin.
Shunga ko‘ra, endilikda pedagog va rahbar xodimlarga ushbu bayram munosabati bilan 1 mln 20 ming so‘mgacha miqdorida mukofot puli berilishi kutilmoqda.
Biroq ushbu mablag‘ barcha pedagoglarga bir xil miqdorda majburiy tarzda to‘lanadigan summa emas. Nizomda mukofotlash Jamg‘armaning mavjud mablag‘lari hisobidan, belgilangan miqdorgacha amalga oshirilishi ko‘rsatilgan. Shu sababli aniq to‘lanadigan summa muassasaning imkoniyatlari va qabul qilinadigan tegishli qarorga bog‘liq bo‘ladi.






























Izohlar 0
…