Avstriyada 14 yoshgacha qizlarga hijob taqish taqiqlandi

Avstriyada 2026/2027 o‘quv yili boshlanishi bilan 14 yoshga to‘lmagan qizlarning maktabda islomiy an’analarga ko‘ra boshini ro‘mol bilan yopishi taqiqlandi. Yangi qoida davlat va xususiy maktablarga tatbiq etiladi.
Hukumat bu chorani qizlarning o‘zini o‘zi erkin ifoda etishi, tengligi va bolalik davridagi rivojini himoya qilish bilan izohlamoqda. Avstriya Integratsiya vaziri Klaudiya Bauer ham qizlarning erkin va mustaqil ulg‘ayishi muhimligini ta’kidlagan.
Qonunga ko‘ra, qoidani birinchi marta buzgan o‘quvchi va uning ota-onasi bilan maktab rahbariyati suhbat o‘tkazadi. Qoida takror buzilsa, ta’lim organlari, keyinchalik esa bolalar va yoshlarni himoya qilish xizmati jalb etiladi. Eng so‘nggi chora sifatida ota-ona yoki vasiyga 150 yevrodan 800 yevrogacha jarima solinishi mumkin.
Taqiq maktab binosidan tashqaridagi darslar hamda maktabning bino tashqarisida o‘tkaziladigan ayrim tadbirlariga tatbiq etilmaydi.
Qonunga qarshi chiqqanlar esa bu chora musulmon qizlarni kamsitishi va konstitutsiyaviy huquqlarga zid bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Avstriya parlamenti ma’lumotiga ko‘ra, “Yashillar” partiyasi ham qonunni konstitutsiyaga mos emas, deb hisoblagan. O‘ta o‘ngchi Ozodlik partiyasi esa taqiqni yanada kengaytirish, jumladan o‘qituvchilar uchun ham ro‘molga cheklov joriy etishni talab qilgan.
Avstriyada 14 yoshgacha qizlar uchun maktabda hijob taqishni taqiqlovchi mazkur qonun 2025 yil dekabrda parlamentning ikki palatasidan ham o‘tib, 2026 yil 1 sentyabrdan kuchga kirgan.






























Izohlar 0
…