Tailand o‘rmonlarida yer ostida o‘suvchi «Iblis guli» aniqlandi

Olimlar Tailand hududida barglari bo‘lmagan, tashqi ko‘rinishi va o‘ziga xos tuzilishi bilan boshqa o‘simliklardan ajralib turadigan yangi o‘simlik turini kashf etdi. Uning g‘ayrioddiy qiyofasi tadqiqotchilar e’tiborini darhol jalb qilgan. Shu sababli yangi turga Thismia daemona nomi berilgan bo‘lib, uni shartli ravishda «Iblis guli» deb tarjima qilish mumkin. Bu haqda “Layfxaker” nashri ma’lum qildi.
Mazkur o‘simlik Tismiya turkumiga mansub hisoblanadi. Hozirgi vaqtda ushbu turkumning asosan tropik o‘rmonlarda uchraydigan 50 xildan kam turi ilm-fanga ma’lum. Bu o‘simliklarning eng muhim xususiyatlaridan biri — ularda fotosintez jarayoni kuzatilmaydi. Shuningdek, ularning barglari ham bo‘lmaydi va hayotining katta qismini yer ostida yoki to‘kilgan xazonlar qatlami ostida o‘tkazadi.
Qizig‘i shundaki, mazkur o‘simliklar yashashi uchun zarur bo‘lgan ozuqa moddalarini odatiy fotosintez orqali emas, balki yer ostidagi zamburug‘lar orqali qabul qiladi. Ya’ni ular o‘z ozuqasini tayyorlash o‘rniga, tuproq ostidagi zamburug‘lar bilan o‘ziga xos aloqa o‘rnatib, ulardan kerakli moddalarni oladi.
Yangi aniqlangan Thismia daemona ham ushbu g‘ayrioddiy guruh xususiyatlariga to‘liq mos keladi. Uning tashqi ko‘rinishi shoxsimon o‘simtalari bo‘lgan to‘q qora tusdagi guldan iborat. Gul yuzasida esa qizg‘ish-olovrang dog‘lar mavjud bo‘lib, aynan shu o‘ziga xos ko‘rinish uning nomlanishida ham muhim rol o‘ynagan.

Yangi tur dengiz sathidan taxminan 1 000 metr balandlikda aniqlangan. Odatda bunday o‘simlik turlari doimiy namlik saqlanadigan pasttekisliklarda o‘sishi ma’lum. Shu bois ularning balandroq hududda uchrashi olimlar uchun o‘ziga xos va kutilmagan holat bo‘lgan.
Mazkur topilma tadqiqotchilarning Tismiya turkumiga kiruvchi o‘simliklar haqidagi tasavvurlarini yanada kengaytirdi. Chunki Thismia daemona ushbu guruh uchun kutilmagan shimoliy hududda birinchi marta qayd etildi. Bu esa turkum va uning tarqalish hududlarini yanada chuqurroq o‘rganish zaruratini ko‘rsatmoqda.
Biroq olimlarni yangi kashf etilgan turning kelajagi ham jiddiy tashvishga solmoqda. Hozirga qadar ular Thismia daemonaning faqat bitta guruhini aniqlagan. Ushbu kichik hududda esa 50 tadan kam o‘simlik mavjud bo‘lib, uning maydoni futbol maydonidan ham kichikroq ekani ma’lum qilingan.
Shu sababli yangi o‘simlik turi yo‘qolib ketish xavfi ostidagi o‘simliklar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin. Ayniqsa, o‘simlik aniqlangan joy milliy bog‘ hududida joylashgani va bu yerda sayyohlar oqimi yuqori ekani vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.
Olimlar uchun hozirgi asosiy vazifalardan biri — ushbu noyob o‘simlikning tabiiy muhitini saqlash va uning yo‘qolib ketishining oldini olishdir. Thismia daemonaning atigi bir guruhi ma’lum ekani uning qanchalik nodir ekanini ko‘rsatadi.






























Izohlar 0
…