Ayol xodimlar mojarosi ortidan Eyfel qayta ochildi

Ayol xodimlar mojarosi ortidan Eyfel qayta ochildi

Parijdagi Eyfel minorasi hindu diniy delegatsiyasi tashrifi vaqtida ayol xodimlarning chetlatilgani haqidagi mojaro ortidan xodimlar ish tashlashi sabab bir kunga yopildi. 7 sentyabr kuni faoliyatini to‘xtatgan inshoot 8 sentyabr kuni tashrif buyuruvchilar uchun qayta ochildi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.

Mojaro 5 sentyabr kuni BAPS nomi bilan tanilgan Bochasanwasi Akshar Purushottam Swaminarayan Sanstha hindu diniy tashkiloti delegatsiyasining Eyfel minorasiga tashrifi ortidan yuzaga kelgan. Kasaba uyushmasi vakili Dian Davuaning aytishicha, ayol xodimlarga delegatsiya a’zolari bilan aloqa qilmaslik bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Ayrim ayollar ish joylarini tark etgan, ba’zi lavozimlarda esa ularning o‘rnini erkaklar egallagan.

Eyfel minorasini boshqaruvchi SETE kompaniyasi delegatsiya tashrifni ayollar bilan aloqani cheklash sharti asosida tashkil etishni so‘raganini tan oldi. Kompaniya bunday shartlarni qabul qilmaslik kerak bo‘lganini bildirdi.

BAPS tashkiloti esa yuzaga kelgan vaziyat sabab jabrlangan yoki noqulaylikka duch kelganlardan uzr so‘radi. Tashkilot delegatsiya tashrifi minoradagi boshqa tashrif buyuruvchilarga xalaqit bermasligi uchun ish boshlanishi arafasida tashkil etilganini va hech kimning Eyfel minorasiga kirishi cheklanmaganini ma’lum qildi.

Voqea Parijda keskin munosabatlarga sabab bo‘ldi. Shahar meri Emmanuel Greguar hodisa yuzasidan tekshiruv boshlanishini ma’lum qildi. U gender tengligi Fransiyadagi tarixiy obidalarda ham, boshqa jamoat joylarida bo‘lgani kabi, istisnosiz ta’minlanishi kerakligini ta’kidladi.

Xodimlarning ish tashlashi sabab 7 sentyabr kuni yopilgan Eyfel minorasi 8 sentyabr kuni yana tashrif buyuruvchilarni qabul qila boshladi. Dunyodagi eng mashhur sayyohlik maskanlaridan biri bo‘lgan minoraga yiliga qariyb 7 million kishi tashrif buyuradi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar