Turkiyada 5 mln liralik tilla bilan yo‘qolgan o‘zbekistonlik kelin topildi

Avvalroq Turkiyaning Mug‘la viloyati Milas tumanida O‘zbekiston fuqarosi, 28 yoshli M.B. uch kecha-yu, uch kun davom etgan to‘ydan keyin uyda qolgan tilla va ziynat buyumlari bilan birga g‘oyib bo‘lgani haqida xabar tarqalgan edi. Ushbu holat jamoatchilik e’tiborini o‘ziga tortgani ortidan O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi rasmiy munosabat bildirdi.
Bosh konsulxona ma’lumotiga ko‘ra, M.B. hech qayerga qochib ketmagan. U hozirda Milas hududida bo‘lib, o‘z ixtiyori bilan mahalliy politsiya bo‘limiga borgan va yuz bergan voqea yuzasidan tegishli ko‘rsatma bergan.
Ma’lum qilinishicha, M.B. o‘ziga nisbatan bildirilayotgan da’volarni rad etgan. U to‘y jarayonida taqilgan tilla buyumlarni onasi bilan birgalikda qaynotasiga topshirganini bildirgan.
M.B.ning aytishicha, qaynotasi keyinchalik mazkur tilla buyumlarni kredit va boshqa qarzlarini to‘lash maqsadida sotganini o‘zaro yozishmalarda qayd etgan. Ya’ni, kelinning ta’kidlashicha, tilla buyumlar uning uyidan yashirincha olib ketilmagan, balki qaynotasiga topshirilgan.
Shuningdek, M.B. tegishli yozishmalar hamda tilla buyumlarni topshirish jarayoni aks etgan videomateriallarni Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlariga taqdim etganini ma’lum qilgan.
Ayni paytda voqea bo‘yicha tomonlarning bir-biriga bildirgan da’volari yuzasidan Turkiyaning vakolatli organlari tomonidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda. Shu sababli hozircha ish bo‘yicha yakuniy xulosa chiqarilmagan.
O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ham holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, jamoatchilikni tergov jarayoni yakunlanishini kutishga chaqirdi.
“Shu munosabat bilan, tergov yakuniga qadar holat yuzasidan bir tomonlama xulosa chiqarish hamda tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatishdan tiyilish so‘raladi. O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi vaziyatni kuzatib bormoqda hamda zarurat tug‘ilganda fuqaroga belgilangan tartibda konsullik-huquqiy ko‘mak ko‘rsatadi”, deyiladi xabarda.






























Izohlar 0
…