Do‘kon xodimi qizchani mashina urib ketishidan qutqardi (video)

Do‘kon xodimi qizchani mashina urib ketishidan qutqardi (video)

Meksikaning Puebla shahrida do‘kon xodimi yo‘lga yugurib chiqqan 3 yoshli qizchani mashina urib ketishidan qutqarib qoldi. Voqea do‘konning kuzatuv kamerasiga tushgan va ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan.

Hodisa 6 sentyabr kuni shaharning 11-Sur xiyobonidagi “El Rey del Ahorro” do‘koni yaqinida sodir bo‘lgan. Kadrlarda qizchaning kutilmaganda yo‘l tomon yugurib chiqqani, uning ortidan ayol kishi yetib olishga uringani, ammo yiqilib qolgani ko‘rinadi.

Shu paytda do‘kon xodimi xavfni payqab, darhol ishini tashlab qizchaning ortidan yugurgan. U bir necha soniya ichida qizchaga yetib, uni avtomobillar harakatlanayotgan yo‘ldan olib chiqqan. Ayrim xabarlarga ko‘ra, xodim qizchani himoya qilish chog‘ida o‘zi ham yiqilgan, biroq jiddiy jarohatlar qayd etilmagan.

Qizcha oilasiga sog‘-omon topshirilgan. Voqea tasvirlangan video tarqalgach, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari xodimning tezkor harakatini yuqori baholab, uni “qahramon” deb atashdi.

Do‘kon xodimi esa voqea vaqtida ko‘p o‘ylab o‘tirmaganini, bola xavf ostida ekanini ko‘rib, instinktiv ravishda uni qutqarishga yugurganini aytgan. U ota-onalarni farzandlarini gavjum yo‘llar yaqinida nazoratsiz qoldirmaslikka chaqirgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar