Vengriyada qabr qazish bo‘yicha g‘ayrioddiy chempionat o‘tkazildi

Vengriyadagi qabristonlardan birida odatdagidan mutlaqo farq qiladigan xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tdi. Qabr qazish bo‘yicha tashkil etilgan ushbu bellashuv ilk qarashda g‘ayrioddiy tuyulishi mumkin. Biroq 5 sentyabr kuni unda 38 nafar ishtirokchi qo‘liga ketmon va belkurak olib, o‘z mahoratini namoyish qildi. Bu haqda AP News xabar berdi.
Mazkur musobaqa Vengriya qabristonlarni saqlash va ularga xizmat ko‘rsatish assotsiatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — go‘rkovlik kasbining o‘ziga xos jihatlari va bu sohadagi mahoratni namoyish etish, shuningdek, o‘lim bilan bog‘liq qarashlarga yangicha yondashuv shakllantirishdan iborat.
Musobaqa Vengriyaning shimolida joylashgan Nergeshujfalu shahri qabristonida o‘tkazildi. Bu yerdagi quruq va issiq tuproq 19 ta jamoa tarkibida ishtirok etgan go‘rkovlar uchun jiddiy sinov bo‘ldi. Quyoshli va issiq ob-havo sharoitiga qaramay, ikki kishidan iborat jamoalar belgilangan talablar asosida eng tez va chiroyli qabr qazish uchun bor kuchini ishga soldi.

Bellashuv yakuniga ko‘ra, g‘oliblikni Robert Nad va uning jamoadoshi Laslo Kishdan iborat juftlik qo‘lga kiritdi. G‘olib jamoa vakili musobaqada asosiy mezon tezlik ekanini ta’kidladi.
“Bu yerda go‘zallik emas, tezlik asosiy o‘rinda”, dedi Robert Nad.
Biroq qabr qazishda nafaqat tezlik, balki aniqlik va sifat ham muhim ekani ta’kidlandi. Nadning so‘zlariga ko‘ra, dafn marosimi uchun qabr tayyorlanayotganda uning belgilangan o‘lchamlariga qat’iy amal qilish va natijada qabrning chiroyli ko‘rinishini ta’minlash talab etiladi.
“Dafn marosimi uchun qabr qaziyotganingizda uning aniq o‘lchamlariga juda e’tiborli bo‘lishingiz va chiroyli chiqishini ta’minlashingiz kerak”, deya qo‘shimcha qildi u.
Musobaqa shartlariga ko‘ra, ishtirokchilar qaziyotgan qabrning chuqurligi 1,6 metr, uzunligi 2 metr va kengligi 0,8 metr bo‘lishi kerak edi. Bu o‘lchamlardan chetga chiqmasdan, belgilangan ishni imkon qadar tez bajarish musobaqaning asosiy talablaridan biri bo‘ldi.
Natijada g‘olib jamoa qabrni 1 soat-u 21 daqiqada qazib, eng yaxshi natijani qayd etdi. Musobaqa g‘oliblari sovrin sifatida 200 ming vengriya forinti, ya’ni taxminan 640 dollar miqdoridagi pul mukofotini qo‘lga kiritib, uni o‘zaro bo‘lishib oldi.

Bellashuv davomida xavfsizlik masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Qoidalarga muvofiq, har bir jamoadan bir vaqtning o‘zida faqat bir kishi qabr ichida ishlashi mumkin edi. Jamoaning ikkinchi a’zosi esa qazib olingan tuproqni chetga chiqarish, atrofni tozalash va ish joyini tartibga keltirish bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan.
Shu bilan birga, ikkinchi ishtirokchiga qabr ichiga tushishga ruxsat berilmagan. Bu talab musobaqa jarayonida ishtirokchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida belgilangan.
Shunday qilib, Vengriyadagi mazkur g‘ayrioddiy chempionat go‘rkovlik kasbi ham o‘ziga xos mahorat, aniqlik, jismoniy tayyorgarlik va tezkorlikni talab qilishini namoyon etdi.






























Izohlar 0
…