Luiza Rasulova Saida Mirziyoyevaga murojaat qildi: "O‘z uyimda qo‘rquvda yashayapman" (video)

Luiza Rasulova Saida Mirziyoyevaga murojaat qildi: "O‘z uyimda qo‘rquvda yashayapman" (video)

Aktrisa va teleboshlovchi Luiza Rasulova Instagram sahifasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga videomurojaat yo‘lladi. U unda qo‘shnilari tomonidan o‘ziga va oilasiga nisbatan bosim bo‘layotganini aytib, Chilonzor tumani IIBga bergan arizasi bir yarim oydan beri ko‘rib chiqilmayotganini ta’kidladi.

Rasulovaning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shnilaridan biri uni profilaktika inspektori bilan tanish-bilishchilik va korrupsiyada, shuningdek, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishda ayblagan. Yana bir qo‘shnisi esa aktrisa va uning oilasini to‘rt nafar farzandni, jumladan, uch yoshli bolani ikki yil davomida kaltaklashda ayblagan. Aktrisa bu da’volar hech qanday dalil va isbotga asoslanmaganini bildirdi.

“Qo‘limdagi arizani Chilonzor tumani IIB boshlig‘iga yo‘llaganimga yaqinda bir yarim oy bo‘ladi. Arizam bo‘yicha hech qanday natija bo‘lgani yo‘q. Hozir oilam bilan yashayotgan uyimizda psixologik bosim ostida va qo‘rquvda yashayapmiz”, dedi u.

Aktrisa, shuningdek, qo‘shnisi uning uyi oldidagi yo‘lak va eshigini muntazam videoga olayotganini aytib, bundan xavotirda ekanini bildirdi.

“Telefonda kim bilan gaplashayotgani, uyim va yo‘laklarimni kimga yuborayotgani, bundan qanday maqsad ko‘zlayotganini bilmaymiz. Men o‘z uyimda qo‘rquvda yashayapman”, deya ta’kidladi Rasulova.

U Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, Bosh prokuror va Ichki ishlar vaziridan murojaatini nazoratga olib, holatni o‘rganish hamda qo‘shnilarining xatti-harakatlariga qonuniy baho berilishini so‘radi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar