Mushakbozlik sabab samolyot qo‘nishni bekor qilishga majbur bo‘ldi

Mushakbozlik sabab samolyot qo‘nishni bekor qilishga majbur bo‘ldi

Yo‘lovchi samolyoti uchuvchilari aeroportga qo‘nish arafasida havoda portlayotgan mushaklarni ko‘rib qolgach, keskin manyovr bajarib, qo‘nishni bekor qilishga majbur bo‘ldi.

Hodisa 14 sentyabr, dushanba kuni kechqurun Gvatemalaning Flores shahridagi Mundo Maya xalqaro aeroportida sodir bo‘lgan. Samolyot aeroportga qo‘nish uchun yaqinlashayotgan paytda mamlakat Mustaqillik kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan bayram tadbirlari doirasida mushaklar otilayotgan edi.

Biroq mushaklar samolyotning yakuniy qo‘nish yo‘nalishiga yaqin joyda portlayotganini payqagan Avianca aviakompaniyasi ekipaji xavfsizlik nuqtayi nazaridan qo‘nishni davom ettirmaslikka qaror qildi.

Uchuvchilar go-around, ya’ni qo‘nishni bekor qilib, samolyotni yana balandlikka ko‘tarish manyovrini amalga oshirdi. Shundan so‘ng havo kemasi aeroportning aylanma harakat yo‘nalishiga qaytib, ikkinchi marta qo‘nish uchun yondashuvni boshladi. Bu haqda Need To Know xabar berdi.

Samolyot ikkinchi urinishda aeroportga muvaffaqiyatli qo‘ndi. Hodisa oqibatida yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari orasida jarohat olganlar qayd etilmagan, samolyotga ham zarar yetmagan.

Ushbu voqea samolyotlar qo‘nish yo‘nalishiga yaqin joylarda mushak otish havo harakati uchun qanday xavf tug‘dirishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar