Sadio Mane tug‘ilgan qishlog‘iga 20 million dollar sarmoya kiritmoqda

Sadio Mane tug‘ilgan qishlog‘iga 20 million dollar sarmoya kiritmoqda

Senegallik futbolchi Sadio Mane tug‘ilib o‘sgan Bambali qishlog‘ida 20 million dollarga yaqin agrosanoat loyihasini amalga oshirmoqda. SM10 Agro deb nomlangan loyihaning tamal toshi 19 sentyabr kuni qo‘yilgan. Bu haqda Senegal milliy telekanali RTS xabar berdi.

11,7 milliard G‘arbiy Afrika CFA frankiga baholanayotgan loyiha taxminan 500 gektar maydonni egallaydi. Unda 78 mingga yaqin mango daraxti ekiladigan plantatsiya, mevalarni qayta ishlash korxonalari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ta’lim va tadqiqot markazi tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Korxonalarda mangodan pyure, quritilgan meva va mango yog‘i kabi mahsulotlar ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Loyiha yiliga taxminan 8,5 ming tonna mangoni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lishi rejalashtirilgan.

Tashabbusning dastlabki bosqichida 1 mingdan ortiq to‘g‘ridan to‘g‘ri ish o‘rni yaratilishi, keyinchalik esa ish o‘rinlari soni 2,5 mingtagacha yetishi kutilmoqda.

Mane ushbu loyiha orqali Bambali va uning atrofidagi hududlarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, mevalarni mahalliy sharoitda qayta ishlash hamda aholi, ayniqsa, yoshlar uchun yangi ish va ta’lim imkoniyatlarini yaratishni maqsad qilgan.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar