Toshkentda maktab qo‘riqlash xizmati xodimi 6-sinf o‘quvchisiga shilqimlik qilgani aytilmoqda

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi maktablardan birida qo‘riqlash xizmati xodimi 6-sinf o‘quvchisiga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgani haqida sud hujjatida ma’lumot keltirilgan. Bu haqda Kun.uz xabar berdi.
Unga ko‘ra, 23 yoshli Sh.J. maktabda shartnoma asosida qo‘riqlash xizmati xodimi bo‘lib ishlagan. U 15 sentyabr kuni soat 15:30 atrofida 12 yoshli o‘quvchi qiz oldiga borib, uning belidan ushlagan va labidan o‘pgan. Mazkur harakatlar shahvoniy shilqimlik sifatida baholangan.
Surishtiruv organi Sh.J.ning harakatlarini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismi — shahvoniy shilqimlik qilish bilan kvalifikatsiya qilib, ishni sudga yuborgan.
Biroq Shayxontohur tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi ish materiallarini ko‘rib chiqib, holat to‘liq tekshirilmaganini aniqlagan. Xususan, voyaga yetmagan qizga nisbatan sodir etilgan harakatlarda Jinoyat kodeksining 129-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud yoki mavjud emasligiga aniqlik kiritilmagan.
Sud qayta surishtiruv davomida ish holatlari har tomonlama tekshirilishi, Sh.J.ning harakatlarida jinoyat alomatlari bor-yo‘qligi aniqlanishi va tegishli holatlar mavjud bo‘lsa, uning harakatlariga huquqiy baho berilishi lozimligini belgilagan.
Shu sababli ma’muriy ishga oid materiallar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 278-moddasi tartibida Shayxontohur tuman prokuraturasiga yuborilgan.
Hozircha sud hujjatida Sh.J.ning Jinoyat kodeksining 129-moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgani haqida ma’lumot yo‘q. Mazkur masala qayta surishtiruv davomida aniqlashtirilishi kerak.






























Izohlar 0
…