Qamoqda o‘tirganida "dunyoning eng kelishgan erkagi" deb topilgan aktyor

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Myanmalik aktyor Paing Takhon 2021 yilda qamoqda bo‘lganida TC Candler tomonidan "dunyoning eng kelishgan erkagi" deb topildi va "100 Most Handsome Faces of 2021" reytingida birinchi o‘rinni egalladi.
- U harbiy to‘ntarishga qarshi chiqqani uchun 2021 yil 8 aprelda hibsga olingan va 27 dekabrda uch yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
- Paing Takhon qamoqda deyarli 11 oy o‘tkazganidan so‘ng, 2022 yil 2 martda afv etilib, ozodlikka chiqarilgan.
Myanmalik aktyor, model va xonanda Paing Takhon 2021 yilda qamoqda bo‘lgan vaqtida TC Candler tomonidan dunyoning eng kelishgan erkagi deb topilgan. U “100 Most Handsome Faces of 2021” reytingida birinchi o‘rinni egallagan. Tashkilot uning suratiga “Free this man” (“Bu odamni ozod qiling”) degan chaqiriqni ham qo‘shgan. Bu haqda The Day ma’lum qildi.
Paing Takhon 1996 yil 17 sentyabrda Myanmaning Kawthaung shahrida tug‘ilgan. U olti farzandli oilaning to‘rtinchi farzandi. 18 yoshida Yangon shahriga ko‘chib, modellik sohasida faoliyat boshlagan. Keyinchalik aktyorlik va xonandalik bilan ham shug‘ullangan.
2017 yilda Paing Takhon “Midnight Traveller” filmida bosh rolni ijro etib, aktyor sifatida ham tanila boshlagan. Shu yillarda uning modellik faoliyati ham rivojlanib, Myanmadan tashqari, xususan, Tailandda ham muxlislari ko‘paygan.
U 2020 yilda TC Candler tomonidan tuzilgan “100 Most Handsome Faces” reytingida 10-o‘rinni egallagan. 2021 yil boshida esa sochini qirdirib, 10 kun davomida buddist monastirida rohib sifatida yashagan. Uning shu davrdagi suratlari ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan.
Biroq 2021 yil uning hayotida keskin burilish yasadi. 1 fevral kuni Myanmada harbiylar hokimiyatni egallaganidan so‘ng mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Paing Takhon ham harbiy to‘ntarishga qarshi chiqib, namoyishlarda qatnashdi va ijtimoiy tarmoqlarda o‘z munosabatini bildirdi.

2021 yil 8 aprel kuni u Yangon shahridagi onasining uyidan harbiylar tomonidan hibsga olindi. Keyinchalik uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari ham o‘chirib tashlangan.
27 dekabr kuni sud Paing Takhonni Myanma Jinoyat kodeksining 505(a)-moddasi bo‘yicha uch yilga ozodlikdan mahrum qilish va og‘ir mehnatga jalb etish jazosi bilan hukm qilgan. U Insein qamoqxonasida saqlangan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, TC Candler 2021 yilgi reytingini e’lon qildi. Unda Paing Takhon 130 mingdan ortiq nomzod orasidan “100 Most Handsome Faces” ro‘yxatining birinchi pog‘onasidan joy oldi. Shu tariqa u mazkur e’tirofni aynan qamoqda bo‘lgan paytida qo‘lga kiritgan.
Paing Takhon qamoqda qariyb 11 oy bo‘lib, 2022 yil 2 mart kuni davlat tomonidan e’lon qilingan afv doirasida ozod qilingan.






























Izohlar 0
…