Singapurda kitob o‘qiganlarga pul beriladi

Singapurda kitob o‘qiganlarga pul beriladi

Singapurda aholini muntazam kitob o‘qishga undash maqsadida yangi dastur ishga tushirildi. ReadSG deb nomlangan tashabbus Singapur Milliy kutubxona kengashi (NLB) tomonidan 2026 yil 6 sentyabrda yo‘lga qo‘yilgan. Dastur doirasida fuqarolar kuniga kamida 15 daqiqa kitob o‘qib, buning uchun virtual tangalar to‘plashi mumkin. Bu haqda The Times ma’lum qildi.

ReadSG Challenge dasturida ishtirokchilar o‘qigan vaqtini hukumatning CrowdTask SG platformasida qayd etadi. Har bir 15 daqiqalik mutolaa uchun 20 ta virtual tanga beriladi. 1000 ta tanga to‘plagan ishtirokchi ularni 1 Singapur dollariga almashtirishi mumkin.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, tashabbusning asosiy maqsadi odamlarni qisqa va tezkor raqamli kontentdan chalg‘itib, muntazam va diqqatni jamlagan holda kitob o‘qish odatini shakllantirishdir. NLB rahbari Melissa Tamning so‘zlariga ko‘ra, kuniga 15 daqiqalik mutolaa odatni shakllantirish uchun oddiy boshlang‘ich maqsad sifatida tanlangan.

ReadSG besh yilga mo‘ljallangan milliy harakat bo‘lib, avvalgi National Reading Movement dasturining o‘rnini egallagan. Tashkilotchilar qisqa videolar va ijtimoiy tarmoqlardagi tezkor kontent ommalashib borayotgan bir paytda aholida chuqurroq va muntazam mutolaa qilish ko‘nikmasini rivojlantirishni ko‘zlamoqda.

2024 yilda NLB tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, Singapurdagi katta yoshli aholining 28 foizi haftasiga kitob o‘qigan. Yangilangan ReadSG dasturi esa kitobxonlikni kundalik odatga aylantirishga qaratilgan.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar