Ekvadorda yo‘qolib ketish xavfi ostidagi mitti zaharli qurbaqa turi aniqlandi

Ekvador janubida olimlar qurbaqalarning yangi turini aniqladi. Excidobates perplexus deb nomlangan ushbu amfibiya atigi 15,1–18,3 millimetr uzunlikda bo‘lib, yashash muhiti va noqonuniy savdo sabab xavf ostida qolmoqda. Bu haqda mamlakat Milliy bioxilma-xillik instituti (Inabio) ma’lum qildi.
Tadqiqotchilar yangi turning ikki populyatsiyasini aniqlagan. Ulardan biri Paute daryosi havzasida, ikkinchisi esa janubdagi Kondor tog‘ tizmasining shimoliy qismida yashaydi. Qurbaqalarning rangi ham bir-biridan farq qiladi: bir populyatsiya vakillarining orqasi qora fonda qizil, boshqasiniki esa zaytunsimon yashil va sariq dog‘li. Genetik tahlillar ularning bir turga mansubligini tasdiqlagan.
Olimlar yangi tur yashaydigan hududlarda mis, oltin va molibden qazib olish loyihalari uning tabiiy muhitiga xavf tug‘dirayotganini ta’kidlamoqda. Bundan tashqari, qurbaqalarga kolleksiya uchun saqlanadigan hayvon sifatida qora bozorda talab borligi ham xavotir uyg‘otmoqda.
Ma’lumot uchun, Ekvadorda amfibiyalarning 703 turi qayd etilgan. Excidobates perplexus esa zaharli qurbaqalar guruhiga kiradi.































Izohlar 0
…