Amerikaliklar kamroq ovqatlanmoqda: "ozdiruvchi dorilar" restoran biznesiga ta’sir qilmoqda

Amerikaliklar kamroq ovqatlanmoqda: "ozdiruvchi dorilar" restoran biznesiga ta’sir qilmoqda

AQSHda ozish uchun qo‘llaniladigan GLP-1 preparatlarining ommalashishi restoran biznesiga ham ta’sir ko‘rsata boshladi. The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda katta yoshli aholining qariyb 11 foizi, ya’ni 30 millionga yaqin kishi Wegovy, Ozempic va Zepbound kabi dorilardan foydalanmoqda.

Bunday preparatlar ishtahani pasaytirishi va insonning kamroq ovqat iste’mol qilishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli ayrim odamlar restoranlarga avvalgidan kamroq bormoqda, borganida esa kichikroq porsiya buyurtma qilmoqda yoki taomning bir qismini qoldirib ketmoqda.

Atlantadagi Twisted Soul Cookhouse & Pours restorani egasi Debora VanTris mijozlar idishda ovqatning yarmini qoldirib ketayotgani ko‘payganini aytgan. Restoran xodimlari bunga sababni so‘raganida, ayrim mijozlar bu holatni ozish uchun qilayotgan «ukollar» bilan bog‘lashgan.

Bu o‘zgarishlar restoranlarni menyularini qayta ko‘rib chiqishga undamoqda. Kichikroq porsiyalar, oqsilga boy taomlar va kaloriyasi nisbatan kam variantlarga talab ortib bormoqda.

Masalan, ayrim restoranlar katta porsiya o‘rniga kichikroq miqdordagi go‘shtni sabzavot yoki dengiz mahsulotlari bilan birga taklif qilish variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Ba’zi yirik tarmoqlar esa GLP-1 preparatlarini qabul qiluvchilar uchun moslashtirilgan menyularni sinovdan o‘tkazmoqda.

Shu bilan birga, restoranlar uchun yangi muammo ham paydo bo‘lmoqda: porsiyani kichraytirish bilan birga narxni qanday belgilash masalasi. Chunki mahsulot miqdori kamaygani bilan ijara, xodimlar maoshi va boshqa xarajatlar o‘zgarmasligi mumkin.

Mutaxassislar fikricha, GLP-1 preparatlaridan foydalanuvchilar soni ortib borishi bilan restoranlar ham iste’molchilarning yangi ovqatlanish odatlariga moslashishiga to‘g‘ri keladi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar