Rossiya rasmiylari Irkutskdagi “vabo” haqidagi mish-mishlarga ishonmaslikka chaqirdi

Irkutsk viloyatida vabo epidemiyasi tarqalgani haqida internetda paydo bo‘lgan xabarlar Rossiya rasmiylari tomonidan tasdiqlanmadi. 5 oktyabr kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov aholini bu boradagi turli mish-mishlarga ishonmaslikka chaqirdi.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, sanitariya-epidemiologik masalalar bo‘yicha asosiy vakolatli idora Rospotrebnadzor hisoblanadi. U aholiga aynan ushbu tashkilotning rasmiy ma’lumotlariga tayanishni tavsiya qildi.
Rospotrebnadzor Irkutsk viloyatida vaziyat bo‘yicha tegishli tekshiruv va tahlillar o‘tkazilganini ma’lum qildi. Idoraga ko‘ra, hududda sanitariya-epidemiologik vaziyat barqarorligicha qolmoqda.
Bundan avval Irkutskda o‘latga qarshi kurashish instituti xodimasi pnevmoniya alomatlari bilan kasalxonaga yotqizilib, vafot etgani xabar qilingan. Uning o‘limi sababi bo‘yicha turli taxminlar tarqalgan.
Hodisa fonida Markaziy Osiyoning ayrim davlatlari, jumladan, O‘zbekiston ham yuqori xavfli infeksiyalarning kirib kelishining oldini olish bo‘yicha ehtiyot choralarini kuchaytirdi.































Izohlar 0
…