Rossiyadagi vabo haqidagi xabarlar ortidan Qirg‘iziston chegara nazoratini kuchaytirdi

Rossiyadagi vabo haqidagi xabarlar ortidan Qirg‘iziston chegara nazoratini kuchaytirdi

Qirg‘iziston Rossiyada vabo kasalligi qayd etilgani haqida tarqalgan xabarlar ortidan davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlarida sanitariya-karantin nazoratini kuchaytirdi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, barcha sanitariya-karantin punktlari kuchaytirilgan ish tartibiga o‘tkazilgan. Chegarada mutaxassislar fuqarolar, transport vositalari va yuklar harakatini nazorat qilmoqda.

Vazirlik bu choralar yuqumli kasalliklar, jumladan, o‘ta xavfli infeksiyalarning mamlakat hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida amalga oshirilayotganini bildirdi. Vaziyat sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan nazoratga olingan.

Vabo — asosan ifloslangan suv yoki oziq-ovqat orqali yuqadigan o‘tkir ichak infeksiyasi bo‘lib, kuchli suvsizlanishga olib kelishi mumkin. Shu sababli kasallikning oldini olishda toza ichimlik suvidan foydalanish va sanitariya qoidalariga rioya qilish muhim.

Avvalroq Rossiyaning Irkutsk viloyatidagi shifoxonada bemor ayol vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ushbu voqeadan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda uning o‘limi vabo bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi haqida turli xabarlar paydo bo‘ldi. Biroq infeksiya sababi hozircha rasman tasdiqlangani haqida ma’lumot yo‘q.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar