Donald Tramp Rossiyadagi o‘lat xavfi bo‘yicha yordam taklif qildi

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiyaning Irkutsk viloyatida o‘lat kasalligi tarqalgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. U Rossiyaga ushbu vaziyat yuzasidan yordam taklif qilgan. Bu haqda CNBC xabar berdi.
5-oktyabr kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatlashgan Tramp Irkutskdagi o‘latni o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi ilmiy-tadqiqot instituti xodimining vafot etgani haqidagi ma’lumotlardan so‘ng Rossiyaga yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan.
Tramp mazkur holatni Rossiya rasmiylari bilan muhokama qilmaganini aytgan. Shu bilan birga, u o‘latni jiddiy kasallik deb atab, ayrim mikroblar tobora kuchayib borayotganini ta’kidlagan.
AQSH Davlat departamenti esa vaziyat Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari hamda boshqa idoralar bilan hamkorlikda kuzatilayotganini ma’lum qildi. Idora hozircha ko‘plab tafsilotlar tasdiqlanmaganini qayd etdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham vafot etgan xodimning o‘limiga aynan nima sabab bo‘lgani hozircha tasdiqlanmaganini bildirdi. Tashkilot mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, aholi uchun xavf darajasini past deb baholamoqda.
Avvalroq Rossiya rasmiylari 29-sentyabr kuni Irkutskdagi o‘latga qarshi kurashish instituti xodimasi og‘ir pnevmoniya alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgani va 1-oktabrdan 2-oktabrga o‘tar kechasi vafot etganini ma’lum qilgan edi.































Izohlar 0
…