AQSHda 5,2 grammlik ikki boshli toshbaqa tug‘ildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- AQSHning Massachusets shtatida 5,2 grammlik ikki boshli toshbaqa bolasi tug‘ildi.
- Ushbu noyob jonzot Keyp yovvoyi tabiat markazi mutaxassislariga topshirildi va ular uning holatini diqqat bilan kuzatmoqda.
- Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ular so‘nggi besh yil ichida bunday holatga ikki marta duch kelgan.
AQSHning Massachusets shtatida ikki boshli bo‘rtiq toshbaqa bolasi dunyoga keldi. G‘ayrioddiy jonzotning topilishi mutaxassislar e’tiborini ham jalb qildi.
Vazni bor-yo‘g‘i 5,2 gramm bo‘lgan noyob toshbaqa Uellflitdagi qo‘riqlanadigan tabiiy hududdan topilgan. Keyinchalik u yerdan Barnsteybl shahrida joylashgan Keyp yovvoyi tabiat markazi mutaxassislariga topshirilgan.
Markaz xodimlari jajji va g‘ayrioddiy parvarishlanuvchini qabul qilib olgach, uning holatini diqqat bilan kuzata boshlagan. Keyinchalik mutaxassislar noyob toshbaqaning ilk tasvirlarini ijtimoiy tarmoqlarda omma e’tiboriga havola qildi.
“Veterinarlarimiz uning ikki boshi va tanasi qanday faoliyat yuritishini yaxshiroq o‘rganish uchun jajji toshbaqani sinchkovlik bilan kuzatib borishadi”, — deya ma’lum qildi markaz vakillari.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday g‘ayrioddiy holat ular uchun mutlaqo yangi emas. Ular so‘nggi besh yil davomida ikki boshli toshbaqalar bilan bog‘liq shunga o‘xshash holatga atigi ikki marta duch kelishgan.
Markaz xodimlari bunday holatlar noodatiy ko‘rinishiga qaramay, hayvonlar haqida muhim ma’lumotlarni o‘rganish imkonini berishini qayd etdi.
“Garchi biz bu g‘ayritabiiy anomaliyaga avval ham duch kelgan bo‘lsak-da, har bir shunday holat bu ajoyib hayvonlarning anatomiyasi va fiziologiyasi haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishimizga imkon yaratadi”, — deya ta’kidladi markazdagilar.
Ayni paytda mutaxassislar ikki boshli toshbaqaning holatini muntazam ravishda nazorat qilmoqda. Jamoa uning ishtahasi, o‘sish sur’ati va o‘zini tutishini alohida e’tibor bilan kuzatib bormoqda.
“Hozirda jamoamiz ushbu bolakayning ishtahasi, o‘sishi va o‘zini tutishini diqqat bilan kuzatmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi markaz vakillari.
Mutaxassislar uchun eng qiziq jihatlardan biri esa toshbaqaning ikki boshi va yagona tanasi qanday uyg‘unlikda faoliyat yuritishini kuzatish hisoblanadi. Bu jarayon jonzotning anatomik va fiziologik xususiyatlarini chuqurroq o‘rganishga yordam berishi mumkin.






























Izohlar 0
…