Daniyada o‘qituvchilarga tartibbuzar o‘quvchilarga nisbatan jismoniy kuch ishlatishga ruxsat beriladi

Daniyada 2027 yil avgust oyidan boshlab o‘qituvchilar dars jarayoniga xalaqit berayotgan o‘quvchilarni sinfdan majburan chiqarish va zarur hollarda jismoniy kuch ishlatish huquqiga ega bo‘lishi kutilmoqda. Yangi tartib maktablarda intizomni mustahkamlash hamda o‘quvchilar o‘rtasidagi zo‘ravonlik va tajovuzkor xatti-harakatlarga qarshi kurashish maqsadida ishlab chiqilgan.
Ta’lim vazirligi tayyorlagan qonun loyihasiga ko‘ra, jismoniy kuch ishlatish odatiy chora sifatida emas, balki faqat alohida vaziyatlarda zarurat tug‘ilgandagina qo‘llanilishi mumkin. Bunday holatlarning har biri haqida o‘quvchining ota-onasi va tegishli munitsipal kengash xabardor qilinishi shart.
Vazirlik e’lon qilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2025 yilda Daniyadagi maktab sinflarining 55 foizida o‘quvchilar o‘rtasida kamida bir marta jismoniy zo‘ravonlik kuzatilgan. Boshlang‘ich sinflarda bu ko‘rsatkich 75 foizga, 4–6-sinflarda 59 foizga, 7–10-sinflarda esa 27 foizga teng bo‘lgan.
So‘rov natijalari yana bir jihatni ko‘rsatgan: zo‘ravonlik yoki tajovuzkor xatti-harakatlar qayd etilgan sinflarning 60 foizida bunday holatlarga bir yoki ikki nafar o‘quvchi sababchi bo‘lgan.
Yangi tartib o‘qituvchilarga murakkab vaziyatlarda aniqroq vakolat berish va sinfdagi xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan. Biroq jismoniy aralashuv so‘nggi chora bo‘lishi, vaziyatga mutanosib qo‘llanishi va o‘quvchiga imkon qadar kam zarar yetkazishi kerak.































Izohlar 0
…