Perudagi yangi o‘simlik turiga Messi nomi berildi

Perudagi yangi o‘simlik turiga Messi nomi berildi

Perida aniqlangan yangi o‘simlik turi argentinalik futbol yulduzi Lionel Messi sharafiga Salvia messii deb nomlandi. Markaziy va janubiy And tog‘larida uchraydigan ushbu o‘simlik yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlar qatoriga kiritilgan. Bu haqda Peruning Agencia Andina davlat axborot agentligi xabar berdi.

O‘simlikning nomlanishiga uning gullari rangi ham sabab bo‘lgan. Ochiq ko‘k va oq tusdagi gulbarglar Argentina terma jamoasi libosining ranglarini eslatadi. Salvia messii yalpizdoshlar (Lamiaceae) oilasiga mansub bo‘lib, bo‘yi 1,5 metrgacha yetishi mumkin.

Yangi tur perulik botanik Paul Gonsales, argentinalik mustaqil tadqiqotchi Rolando Uriya hamda Jan Kapcha-Ramos tomonidan o‘rganilgan. Tadqiqot natijalari 2026 yil 2 oktyabr kuni Phytotaxa ilmiy jurnalida e’lon qilingan. Olimlar o‘simlikning tarqalish hududi cheklanganini hisobga olib, uni yo‘qolib ketish xavfi ostidagi tur sifatida baholagan.

Ma’lumot uchun, Lionel Messi 2023 yildan buyon AQSHning «Inter Mayami» klubida to‘p surmoqda. U faoliyati davomida Ispaniyaning «Barselona» va Fransiyaning «Pari Sen-Jermen» jamoalarida ham o‘ynagan.

Argentina terma jamoasi bilan 2022 yilda jahon chempionligini qo‘lga kiritgan Messi, shuningdek, 2008 yilgi Pekin Olimpiadasi g‘olibi va Amerika Kubogining ikki karra chempioni hisoblanadi. U sakkiz marta «Oltin to‘p» sovrinini qo‘lga kiritgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar